
Humans’ning sobiq top-menejeri Behzod Botirov hibsga olindi
U qimor o‘yinlarini noqonuniy tashkil etganlik ayblovi bilan 4 iyul kuni hibsga olingan. Sud uni 2026 yil fevralgacha qamoqda qoldirish to‘g‘risida qaror chiqardi.

PayWay to‘lov tashkiloti hammuassisi va kuzatuv kengashi a’zosi Behzod Botirov O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini noqonuniy tashkil etgani uchun hibsga olindi. Bu haqda Spot xabar berdi.
Qayd etilishicha, Humans guruhiga tegishli UPay to‘lov tashkilotining 6,5 yildan ortiq vaqt davomida bosh direktori lavozimida ishlagan va ilgari Humans top-menejeri bo‘lgan Botirov 4 iyul kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi qarori bilan hibsga olingan. U Jinoyat kodeksining 278-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari — «qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish»ni buzganlikda ayblanmoqda.
«Sud unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘lladi. Sentabr oyida sud «tergovdan yashirish va dalillarni yo‘q qilish xavfi borligi»ni asos qilib, hibsga olish muddatini 2026 yilning fevraligacha uzaytirdi. Tadbirkorga 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin», - deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, Botirovning himoyasida apellyatsiya berilgan, biroq u rad etilgan va qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan. Humans ma’lumotlariga ko‘ra, tergov davomida sobiq top-menejer bir necha bor so‘roq qilingan, advokatlar esa tergovga «ayblovlarni rad etuvchi barcha hujjatlarni» taqdim etgan.
Humans'ning ma’lum qilishicha, ishning qo‘zg‘atilishiga lotereyalar, butunjahon internet tarmog‘idagi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha vakolatli organ bo‘lgan Istiqbolli loyihalar milliy agentligining so‘rovi sabab bo‘lgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, UPay qonuniy operatsiyalar niqobi ostida qimor o‘yinlari uchun to‘lovlarni qabul qilgan, Behzod Botirov esa jinoiy sindikat tashkilotchisi bo‘lgan hamda noqonuniy faoliyat uchun barcha infratuzilmani yaratish bilan shug‘ullangan. ILMA materiallari asosida tergov organlari hibsga olish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilgan.
Humans tadbirkor Behzod Botirovning qamoqqa olinishini «ishning nomutanosib va asossiz holatlari»deb atab, huquqiy amaliyotda bu turdagi iqtisodiy ishlar ma’muriy yoki moliyaviy choralar bilan hal qilinishini ta’kidlagan.
«Kompaniya O‘zbekistonga qarshi xalqaro da’vo qo‘zg‘atilgandan so‘ng davlat organlari tomonidan o‘z biznes tuzilmalariga «bosim sezilarli darajada kuchayganini» ta’kidlamoqda. Humans guruhiga tegishli kompaniyalarga nisbatan tekshiruvlar o‘tkazilmoqda, jinoiy ishlar qo‘zg‘atilmoqda va top-menejerlarga nisbatan «ayblanayotgan qilmishlarning og‘irligiga mos kelmaydigan» ehtiyot choralari qo‘llanilmoqda, xodimlar so‘roqqa chaqirilmoqda», - deyiladi xabarda.





