Logo

Humo foydasini 3,3 barobarga oshirib, 411 mlrd so‘mga yetkazdi

Kecha 13:552 daqiqa

To‘lov tizimi yarim yilda 410,9 mlrd so‘m sof foyda oldi. Kompaniya har 100 so‘mlik daromadining 62 so‘mini foyda sifatida saqlab qolmoqda.

Humo foydasini 3,3 barobarga oshirib, 411 mlrd so‘mga yetkazdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Humo to‘lov tizimini boshqaruvchi «Milliy banklararo protsessing markazi» AJ 2026-yilning birinchi yarmini 410,9 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 124,3 mlrd so‘mga nisbatan 3,3 baravar ko‘p.

Yanvar—iyun oylarida kompaniyaning daromadi qariyb uch baravar oshib, 224,9 mlrd so‘mdan 663,7 mlrd so‘mga yetgan. Bir yil ichida tushum 438,7 mlrd so‘mga ko‘paygan.

Xizmatlar tannarxi daromadga qaraganda sekinroq — 58,7 foizga oshib, 102,7 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Natijada yalpi foyda 160,2 mlrd so‘mdan 561 mlrd so‘mga yetib, 3,5 baravar ko‘paygan.

Shu bilan birga, davr xarajatlari 32 mlrd so‘mdan 125 mlrd so‘mga yoki 3,9 baravar oshgan. Jumladan, ma’muriy xarajatlar 4,1 baravar ko‘payib, 76,3 mlrd so‘mga, sotish xarajatlari esa 900 mln so‘mdan 23,4 mlrd so‘mga yetgan.

Humo’ning asosiy faoliyatdan olgan foydasi 130,3 mlrd so‘mdan 436,3 mlrd so‘mga oshgan. Soliq to‘lashdan oldingi foyda 448,7 mlrd so‘mni, sof foyda esa 410,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Sof foyda rentabelligi 55,2 foizdan 61,9 foizga ko‘tarilgan. Boshqacha aytganda, kompaniya har 100 so‘mlik daromadning qariyb 62 so‘mini foyda sifatida saqlab qolgan.

Ikkinchi chorakda foyda deyarli o‘smadi

Humo 2026-yilning birinchi choragida 206 mlrd so‘m sof foyda olgandi. Yarim yillik natijadan kelib chiqilsa, ikkinchi chorakdagi foyda qariyb 204,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Demak, yillik hisobda foyda 3,3 baravar oshgan bo‘lsa-da, birinchi va ikkinchi chorak natijalari deyarli bir xil bo‘lgan. Bunga 1-apreldan kompaniyaning soliq imtiyozlari bekor qilingani ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Humo 2025-yil 30-apreldan IT Park rezidenti sifatida soliq imtiyozlaridan foydalanib kelgandi. Biroq 2026-yil 1-apreldan to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlari IT Park rezidentlari safidan chiqarildi.

Natijada kompaniyaning yarim yillik foyda solig‘i xarajati 37,8 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Birinchi chorakda Humo atigi 11,2 mln so‘m foyda solig‘i to‘laganini hisobga olsak, soliq xarajatining deyarli barchasi ikkinchi chorakka to‘g‘ri keladi.

1-iyul holatiga Humo’ning jami aktivlari yil boshidan 21,1 foizga oshib, 865,1 mlrd so‘mga yetgan. Xususiy kapital 14,4 foizga ko‘payib, 715,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Kompaniyaning majburiyatlari 88,7 mlrd so‘mdan 149,7 mlrd so‘mga yoki 68,7 foizga oshgan. Ularning barchasi joriy majburiyatlardan iborat. Humo’ning bank kreditlari va uzoq muddatli qarzlari mavjud emas.

Ma’lumot uchun, Humo 2025-yil boshida Paynet kompaniyasi tomonidan 65 mln dollarga sotib olingandi.

Paynet o‘zi 2026-yilning birinchi yarmini 615,5 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan. Uning yarmidan ko‘pi Humo’dan olingan dividend hisobiga shakllangan.

Humo 2025-yil davomida 312 mlrd so‘mdan ortiq sof foyda olgan. Kompaniya joriy yilning dastlabki olti oyidayoq o‘tgan yilgi to‘liq natijadan qariyb 1,3 baravar ko‘p foyda ko‘rsatgan.

Avvalroq Uzcard 2026-yilning birinchi yarmida qancha foyda olgani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Humo foydasini 3,3 barobarga oshirib, 411 mlrd so‘mga yetkazdi | Vaqt.uz