HUMO to‘lov tizimi rahbariyatida yangi tayinlov amalga oshirildi

Bugun 15:151 daqiqa

Aleksandr Yevgenevich Sotnikov HUMO to‘lov tizimi boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

HUMO to‘lov tizimi rahbariyatida yangi tayinlov amalga oshirildi © officelife.media

Aleksandr Sotnikov HUMO to‘lov tizimi boshqaruv raisiga o‘rinbosar etib tayinlandi. Bu haqda tegishli qaror 18-may kuni HUMO kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilingan.

Sotnikov faoliyati davomida Belarusning yirik moliyaviy va to‘lov tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Xususan, 2013–2015 yillarda «BELKART» milliy to‘lov tizimi direktori sifatida faoliyat yuritgan. Mazkur tizim Belarusdagi asosiy milliy karta to‘lov platformalaridan biri sanaladi.

2015–2017 yillarda u Belarus Milliy bankida to‘lov tizimlari va raqamli texnologiyalar bo‘yicha bosh boshqarma rahbari lavozimida ishlagan. Bu davrda mamlakatda raqamli moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish va elektron to‘lov xizmatlarini kengaytirish loyihalarida ishtirok etgan.

Shuningdek, Sotnikov 2017 yilda «Belagroprombank»da ijrochi direktor bo‘lib ishlagan, keyinchalik esa 2021 yilgacha bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

2021 yil may oyidan boshlab u Belarusdagi «Bank protsessing markazi» OAJga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Ushbu markaz mamlakatdagi bank kartalari bo‘yicha protsessing xizmatlari hamda «BELKART» milliy to‘lov tizimi infratuzilmasini boshqaradi.

Sotnikovning HUMO'ga kelishi O‘zbekistonda raqamli to‘lovlar bozori va milliy to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish jarayonlari fonida muhim kadrlar o‘zgarishi sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid