add

Ijara xizmatlari hajmi qariyb 11,6 trln so‘mga yetdi

Bugun 17:592 daqiqa

O‘zbekistonda ijara xizmatlari hajmi qariyb 20 foizga o‘sdi. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyatlarida qayd etildi.

Ijara xizmatlari hajmi qariyb 11,6 trln so‘mga yetdi

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida ijara xizmatlari hajmi 11,6 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 19 foizga o‘sdi.

Ijara xizmatlari hajmining o‘sishini aholi va biznes tomonidan turar joy hamda tijorat binolariga bo‘lgan talab oshishi bilan izohlanadi. Ayniqsa, shaharlarda tadbirkorlik faoliyatining ko‘payishi, xizmat ko‘rsatish va savdo sohasida yangi obyektlar ochilishi ijara xizmatlari hajmini oshirdi.

Yetakchi hududlar

Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda ijara xizmatlari hajmi 4 trln so‘mni tashkil etgan. Bu Toshkentda aholi zichligi yuqoriligi, biznes va xizmatlar infratuzilmasi keng rivojlangani bilan bog‘liq.

Viloyatlar orasida Toshkent viloyati 1,3 trln so‘m bilan yetakchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Samarqand viloyatida ijara xizmatlari hajmi 1,2 trln so‘mga yetgan. Farg‘ona viloyatida bu ko‘rsatkich 817,8 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyatida esa 644,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijara xizmatlari hajmi 425,3 mlrd so‘m, Andijonda 693,8 mlrd so‘m, Buxoroda 633,44 mlrd so‘m darajasida qayd etilgan.

Eng past ko‘rsatkichlar Sirdaryo viloyatida 178,3 mlrd so‘m va Navoiy viloyatida 225,7 mlrd so‘m atrofida bo‘lgan.

Ko‘chmas mulk bozori ham o‘smoqda

Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil yanvar—oktabr oylarida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar hajmi 21 trillion so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,4 foizga oshgan.

Shuningdek, 2025 yilning noyabr oyida O‘zbekistonda uy-joy oldi-sotdisi 13,2 foizga oshgani va ijara narxlari o‘sishda davom etayotgani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid