Ijodkorlarga uy-joy va tibbiy yordam uchun imtiyozlar beriladi
Shoir, yozuvchi va san’at vakillariga uy-joy sotib olish uchun olinadigan ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
© Prezident matbuot xizmatiIjodkorlar va madaniyat sohasi xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyozlar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, har yili ming nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va san’at vakillari, muzey xodimlari hamda rassomlarga uy-joy xaridi uchun olinadigan ipoteka krediti dastlabki to‘lovining yarmi qoplab beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qildi.
Mazkur chora ijod ahlining uy-joy sharoitini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda. Ayniqsa, o‘z faoliyatini san’at va madaniyat rivojiga bag‘ishlagan mutaxassislarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsad qilingan.
Ijara xarajatlari qoplanadi
Yangi tizimga ko‘ra, ijodiy tashkilotlar va madaniyat muassasalariga boshqa hududlardan kelib ishlayotgan soha vakillariga ham yordam ko‘rsatiladi.
Bugundan boshlab ularning uy-joy ijarasi uchun qilgan xarajatlari qisman qoplab beriladi. Toshkent shahrida yashovchilar uchun oyiga 2,5 million so‘mgacha, viloyatlarda faoliyat yuritayotganlar uchun esa 1 million 600 ming so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Tibbiy va qo‘shimcha yengilliklar
Har yili o‘z faoliyatida yuqori natijaga erishgan ming nafar soha xodimi Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanadi.
Bundan tashqari, ikki ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sug‘urta paketi taqdim etiladi. Kamida o‘n yil ish stajiga ega xodimlar esa sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlanadi.
15-iyundan boshlab xalq artisti, xalq shoiri va xalq yozuvchisi kabi yuksak faxriy unvon sohiblarining aeroport va vokzallardagi VIP zallardan bepul foydalanishi ham ta’minlanadi.





