
Ijro hokimiyatlarida ichki nazorat tizimi yangilanadi
18.07.2025 | 11:1515492
O‘zbekiston hukumati 2025–2027 yillarda ijro hokimiyat organlarida ichki nazorat tizimini tubdan takomillashtirishni ko‘zda tutuvchi yangi konsepsiyani tasdiqladi. Bu tashabbus korrupsiyaga qarshi kurash, hisobdorlikni oshirish va xavflarni samarali boshqarishni ta’minlashga qaratilgan.
Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi konsepsiya milliy va mahalliy darajadagi ijro hokimiyatlari uchun ustuvor yo‘nalishlar, vazifalar hamda rivojlanish bosqichlarini belgilab beradi. Konsepsiyada ichki nazorat muhitini yaxlit tizimga keltirish, xavflarni aniqlash va ularni bartaraf etish, nazorat jarayonlarini samarali tashkil etish kabi yo‘nalishlar belgilangan.
Shuningdek, axborot va kommunikatsiya tizimlarini takomillashtirish, ichki nazorat faoliyatini muntazam monitoring qilish va hisobdorlikni kuchaytirish ham rejalashtirilmoqda. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun qonunchilik bazasini yangilash, nazorat tizimini standartlashtirish va xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash kabi choralar ko‘zda tutilgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida avvalroq o‘tkazilgan huquqiy eksperiment tajribasi davom ettiriladi. Prezidentning farmoniga muvofiq, ayrim vazirlik va kompaniyalarda ichki nazoratni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Antikorrupsiya agentligi vakillari amalga oshiradi.
Yangi konsepsiyaning qabul qilinishi bilan davlat boshqaruvida shaffoflik va natijadorlikni yanada oshirish maqsad qilingan.





