add

Ilhom Haydarov Turkiyada O‘zbekistonning yangi elchisi sifatida ish boshladi

O‘zbekistonning Turkiyadagi yangi favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Haydarov Anqarada faoliyatini boshladi. U Turkiya TIV rasmiylariga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Ilhom Haydarov Turkiyada O‘zbekistonning yangi elchisi sifatida ish boshladi
2025 yil 16 iyun kuni Ilhom Haydarov O‘zbekistonning Turkiyadagi yangi favqulodda va muxtor elchisi sifatida Anqaraga yetib keldi. Shu kuni u Turkiya Tashqi ishlar vazirligining Protokol departamenti rahbari, elchi Axmet Jemil Miraog‘luga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish, xalqaro tashkilotlar, jumladan, 21−22 iyun kunlari Istanbulda bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, siyosiy maslahatlashuvlar, o‘zaro tashriflar, madaniy-gumanitar va turizm sohasidagi loyihalarni rivojlantirish, tadbirkorlik doiralari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. Axmet Jemil elchiga diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tilab, DEIK — Turkiyaning tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi bilan yaqin hamkorlik qilishda yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Ilhom Haydarov — 56 yoshda. U 2024 yil iyulidan buyon O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Ilgari Ukrainada elchi, «O‘zbekengilsanoat» rahbari va Respublika ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. U ingliz va fransuz tillarini biladi. U Turkiyada 2017−2025 yillarda elchi bo‘lgan va keyin Senatning xalqaro masalalar bo‘yicha qo‘mitasiga rais etib saylangan Alisher Ag‘zamxo‘jayev o‘rnini egalladi.

Teglar

Mavzuga oid