
Ilon Mask AQSH moliya vaziri bilan yoqalashgani ayon bo‘ldi
Ilon Mask va AQSH moliya vaziri Skott Bessent o‘rtasidagi bahs aprel oyida Oval kabinetda boshlanib, qo‘l ishlatishgacha borilgan.

Bu haqda Trampning sobiq maslahatchisi Stiv Bennon ma’lum qildi, deb yozmoqda The Washington Post nashri.
Bennonga ko‘ra, Mask va Bessent davlat soliq xizmati rahbarligini kim egallashi kerakligi haqida o‘z fikrlarini bildirish uchun Oval kabinetga kirishgan. Prezident Donald Tramp Bessentning nomzodini qo‘llab-quvvatlagan.
Keyinroq, ular koridorda bir-birini haqorat qila boshlagan. Bessent Maskning davlat xarajatlari bo‘yicha 1 trln dollar miqdoridagi firibgarliklarni ochiqlash va’dasini eslab, uni bajara olmagani uchun Maskni yolg‘onchi deb atagan.
Bennonning aytishicha, shu payt Mask «regbi o‘yinchisi kabi» yelkasi bilan Bessentning ko‘kragidan turtib yuborgan. Bessent esa unga javoban zarba bergan. Voqeaga bir necha kishi aralashgan va Mask g‘arbiy qanotdagi eshikdan chiqarib yuborilgan.
«Prezident Tramp bu janjal haqida eshitib, «Bu endi haddan oshish», degandi», – deya qo‘shimcha qilgan Bennon.





