add

Ilon Mask «Starlink»ka ulanadigan smartfonini chiqarishni rejalashtirmoqda

Kecha 09:182 daqiqa

«SpaceX» sun’iy yo‘ldosh internetini mobil qurilmalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulash orqali yangi bozorga kirishni ko‘zlamoqda.

Ilon Mask «Starlink»ka ulanadigan smartfonini chiqarishni rejalashtirmoqda

Ilon Maskka tegishli «SpaceX» kompaniyasi «Starlink» sun’iy yo‘ldosh interneti asosida ishlaydigan o‘z smartfonini ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda «Reuters» manbalariga tayanib xabar qildi.

Manbalarga ko‘ra, yangi smartfon boshidanoq «Starlink» sun’iy yo‘ldosh tarmog‘iga integratsiya qilingan bo‘lishi mumkin va internet trafigini uzatish uchun an’anaviy mobil operatorlar xizmatlarini talab qilmaydi. Qurilmaning dizayni va bozorga chiqish muddatlari hozircha ochiqlanmagan.

Loyiha «Starlink»ning «T-Mobile» bilan mavjud hamkorligidan mustaqil ravishda rivojlantirilmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida mavjud smartfonlarni sun’iy yo‘ldoshlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulash texnologiyasi sinovdan o‘tkazilmoqda.

 

Yangi mobil strategiya

Ilon Mask bungacha ham ijtimoiy tarmoqlarda «Starlink» smartfoni chiqishi istisno etilmasligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bunday qurilma neyrotarmoqlar bilan ishlashga moslashtirilgan, yuqori energiya samaradorligiga ega mutlaqo yangi formatda bo‘lishi mumkin.

«Starlink» hozirda «SpaceX» uchun asosiy daromad manbai hisoblanadi. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili kompaniya taxminan 15–16 mlrd dollar tushum olgan bo‘lib, sof foyda 8 mlrd dollar atrofida shakllangan. Daromadning 50–80 foizi aynan sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Kompaniya mobil aloqa infratuzilmasini kengaytirish maqsadida «EchoStar»dan sun’iy yo‘ldosh spektrini 19,6 mlrd dollarга sotib olgan.

 

Xatarlar va raqobat

Shu bilan birga, tahlilchilar «SpaceX» uchun mobil qurilmalar bozoriga kirish oson bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. «Summit Ridge Group» rahbari Armand Myuzining fikricha, smartfon ishlab chiqarish va mobil operatorlar bilan raqobat kompaniya uchun jiddiy strategik chaqiriq bo‘lishi mumkin.

An’anaviy operatorlar — «Verizon» va «AT&T» ham «Starlink»ning ehtimoliy raqobatiga nisbatan xavotir bildirgan. Biroq «SpaceX» o‘z xizmatlarini mavjud tarmoqlarga qo‘shimcha sifatida pozitsiyalamoqda.

Avvalroq Tojikistonda Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti ishga tushgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid