Ilon Mask va Jeff Bezos O‘zbekistonga kelishi mumkin

23.02.2026 | 19:462 daqiqa

Avval Ilon Maskning onasi Mey Mask 2024 yil fevral oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.

2028 yilda Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressiga «SpaceX» asoschisi Ilon Mask va «Amazon» asoschisi hamda «Blue Origin» aerokosmik kompaniyasi egasi Jeff Bezos kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi direktorining o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Harakat qilamiz. Federatsiyani rahbari ham bir qiziq gap aytgandilar, agar O‘zbekistonga janob Mask kelishining bir sababi bo‘ladigan bo‘lsa, bu kongress [Xalqaro astronavtika kongressi] bo‘lishi mumkin deb hazil qilgandilar. Hammaga taklifnoma jo‘natamiz, nafaqat janob Mask, «Amazon» asoschisi janob Bezos bor. Dunyodagi boshqa juda ham yorqin shaxslar bor kosmik sohadagi. Hammasini taklif qilamiz», — dedi Muhiddin Ibrohimov.

«Koinot olimpiadasi»

Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) — koinot sanoatidagi dunyoning eng yirik va nufuzli tadbiridir. Uni har yili «Xalqaro astronavtika federatsiyasi» (IAF) tashkil qiladi. Uni ko‘pincha «Koinot olimpiadasi» deb ham atashadi, chunki u yerda «NASA», «SpaceX», «Blue Origin», «Roskosmos» va boshqa yirik tashkilotlar o‘zlarining yangi loyihalarini taqdim etadi.

2028 yilda ushbu kongressning Samarqandda o‘tkazilishi haqidagi qaror 2025 yil oktabr oyida Sidneyda (Avstraliya) bo‘lib o‘tgan «IAC-2025» tadbirida qabul qilindi. O‘zbekiston bu huquqni qo‘lga kiritish uchun Hindiston va Bahrayn kabi kuchli nomzodlar bilan raqobatlashdi. Bu Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta bunday darajadagi koinot forumining o‘tkazilishi bo‘ladi.

Ilon Mask onasining O‘zbekistonga tashrifi

Ilon Maskning onasi Mey Mask 2024 yil fevral oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Mey Mask Toshkentda o‘zining kitobi taqdimotini o‘tkazgan. U o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida O‘zbekistonning mehmondo‘stligi va Samarqandning tarixiy obidalari haqida juda ijobiy fikrlar qoldirgan.

Aynan 2028 yilda O‘zbekiston o‘zining birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshi — «Mirzo Ulug‘bek»ni (6U CubeSat) koinotga uchirishni rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid