
Imtiyozli pensiya ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish tartibi tasdiqlandi
13.10.2025 | 18:2022413
Zararli yoki xavfli ish sharoitida mehnat qilayotgan xodimlar imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ro‘yxatga kiritilishi uchun yagona tartib joriy etildi.

Hukumatning 2025 yil 10 oktyabrdagi 637-sonli qaroriga muvofiq, «Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlarning ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Yangi nizom imtiyozli pensiya ro‘yxatiga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritish bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishda yagona talablarni belgilaydi. Bu orqali zararli va xavfli ishlab chiqarishlarda mehnat qilayotgan fuqarolarning pensiya ta’minotida aniq va shaffof mexanizm joriy etiladi.
Hujjatga ko‘ra, xodimlardan kelib tushgan takliflar ikki nusxada tayyorlanadi va ish beruvchi hamda korxona kasaba uyushmasi yoki boshqa vakillik organiga yuboriladi. Bu takliflar asosida maxsus komissiya ishchi joylardagi real mehnat sharoitlarini tekshirib chiqadi.
Komissiya ishlab chiqarishning rejasi, uskunalarning texnik holati, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi, jamoa va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanganlik darajasini baholaydi. Shuningdek, himoya kiyimlari va jihozlarning yaroqliligi ham tekshiriladi.
Tekshiruv natijasida aniqlangan qonunbuzarliklar va kamchiliklar attestatsiya o‘tkazilishidan oldin bartaraf etilishi shart. Shundan keyingina korxona yoki ish joyi imtiyozli ro‘yxatga kiritish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Mazkur qaror mehnat sharoiti og‘ir bo‘lgan sohalarda ishlovchi xodimlarning huquqlarini himoya qilish hamda pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirishga qaratilgan.





