
«In-vitro» sharoitida ko‘paytirilgan ko‘chatlar uchun subsidiya beriladi
29.07.2025 | 17:3025792
Hukumatning yangi qaroriga ko‘ra, tadbirkorlar «in-vitro» usulida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilishda sarflagan mablag‘larining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu tartib 2025 yil 28 iyuldagi 468-sonli qaror bilan tasdiqlangan maxsus nizom orqali amalga oshiriladi.

Mazkur nizomga muvofiq, talabgorlar muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan sog‘lom va viruslardan xoli ko‘chatlar uchun subsidiya olish huquqiga ega. Ya’ni, yangi intensiv bog‘lar barpo qilgan yoki suv tarmoqlari yoqalarida ko‘chat ekib, zarur hujjatlarni taqdim etgan tadbirkorlarga har bir meva ko‘chati uchun 25 ming so‘mgacha, yangi navli danaksiz uzum ko‘chatlari uchun 7,5 ming so‘mgacha, mahalliy tok ko‘chatlari uchun esa 2 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Bunday yordamni olish uchun «Agrosubsidiya» axborot tizimi orqali murojaat qilinadi. Arizaga muvofiqlik sertifikati, oldi-sotdi shartnomasi, hisob-faktura, tavsiyanoma va uch yillik kafolat xati ilova qilinadi.
Murojaat kelib tushgandan so‘ng, ishchi guruh uch ish kuni mobaynida joyiga chiqqan holda hujjatlarni o‘rganadi va subsidiya berish yoki rad etish bo‘yicha xulosa chiqaradi.
Bu tartib tadbirkorlarga zamonaviy bog‘dorchilikni rivojlantirish va hosildorlikni oshirishda amaliy ko‘mak sifatida xizmat qiladi.





