«Infinbank»ning egasi yangi aviakompaniya ochdi

Bugun 11:531 daqiqa

7-may kuni «Safo Airlines» MCHJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Kompaniyaning asosiy ulushi «Infinbank»ning egasi Farhod Mamajonovga tegishli.

«Infinbank»ning egasi yangi aviakompaniya ochdi © Infinbank

O‘zbekistondagi xususiy banklardan biri «Infinbank» afillangan shaxslari ro‘yxatiga «Safo Airlines» MCHJ kompaniyasini qo‘shdi. Bu haqda Korporativ yagona axborot portalida ma’lum qilindi.

Safo Airlines havo transporti sohasidagi xizmatlar ko‘rsatish maqsadida 7-may kuni tashkil qilindi va «Infinbank» bilan aloqador kompaniya sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ustav kapitali — 2,5 mlrd so‘m.

Yangi aviakompaniyaning 60 foiz ulushi Farhod Mamajonovga, 30 foizi Mixahl Alenkinga, 10 foizi Avazjon Tashpo‘latovga tegishli.

photo_2026-05-21_11-55-43

Manba: InfinBank

Farhod Mamajonov 45,7 foiz bilan «Infinbank»ning asosiy aksiyadori hisoblanadi. Bankning qolgan aksiyalariga «Prestij Riyelt» MCHJ (25,6 foiz), Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi (19,2 foiz), «Azia Trans Terminal» MCHJ (6,6 foiz) va Parviz Abdusamatovga (2,9 foiz) tegishli.

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi to‘liq davlatga tegishli bo‘lib, 2025 yilda «Infinbank»ning 15 foizini sotib olgandi. Keyinchalik kompaniya bankdagi ulushini 19 foizdan ko‘proqqa oshirdi.

Ma’lumot uchun, «Infinbank» 2026 yilning I choragida 186,3 mlrd so‘m sof foyda olgandi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 117,8 mlrd so‘mga ko‘proq.

Safo Airlines O‘zbekistondagi navbatdagi aviakompaniyalardan biriga aylandi. Hozirgacha mamlakatda Uzbekistan Airways'dan tashqari Centrum Air, Qanot Sharq, Silk Avia, Air Samarkand va My Freighter kabi aviakompaniyalar mavjud.

Teglar

Mavzuga oid