Inflyatsion kutilmalar pasayishdan to‘xtadi

Bugun 18:302 daqiqa

O‘tgan oyda aholining inflyatsion kutilmalari 11,2 foiz, biznesniki esa 10,8 foiz ko‘rinishida saqlanib qoldi. Inflyatsion havotirlar tufayli asosiy stavka ham o‘zgarmagandi.

Inflyatsion kutilmalar pasayishdan to‘xtadi

2026-yilning fevral oyida aholining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz saqlanib qolib, 11,2 foizga teng bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.

Tadbirkorlarning inlfyatsion kutilmalari ham o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz saqlanib qolib, 10,8 foizni tashkil etdi.

Fevralda O‘zbekistonda yilik rasmiy inflatsiya 0,1 foizga ko‘payib, 7,3 foizga yetgandi. Markaziy bank inflatsiyani 2027-yil oxirida 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirmoqchi.

Regulyator tomonidan asosiy stavka ham 18-mart kuni aynan inflyatsion xavotirlar sabab 14 foiz ko‘rinishida o‘zgarishsiz saqlab qolingandi.

Aholi inflyatsion kutilmalarining asosiy omillari hamon kommunal xizmatlarning qimmatlashishi bo‘lib turibdi. So‘rovda qatnashganlarning 44 foizi bu javobni belgilagan.

1

Keyingi o‘rinlarni yonilg‘i va energiya narxlari oshishi (40 foiz) hamda valuta kursining o‘zgarishi (28 foiz) egalladi. Dollar kursining o‘zgarishi bo‘yicha havotirlar fevral oyida yana kuchayishni boshlagan.

Bundan tashqari, inflatsiya omili sifatida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishi va ish haqi oshishini qayd etgan aholi respondentlari ulushi biroz ortgan.

Biznes uchun inflyatsion kutilmalar omili sifatida ham kommunal xizmatlar hamda yonilg‘i va energiya resurslari qimmatlashishi ko‘rsatilmoqda.

2

Bu yerda ham kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardan biri sifatida valuta kursi o‘zgarishini qayd etgan tadbirkorlar ulushi ko‘payishni boshladi.

Dollar kursi bo‘yicha havotirlar kuchayishi fevral oyida so‘mga nisbatan dollar kursi 2025 yil sentabrdan beri eng yuqori darajaga chiqqani bilan izohlanadi.

Aholining yuqori inflyatsion kutilmalari maishiy xizmat sohasi vakillari tomonidan bildirilgan bo‘lsa, kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha nisbatan past kutilmalar qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari tomonidan qayd etildi.

3

Tadbirkorlarning yuqori inflyatsion kutilmalari axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalari sohasida faoliyat olib boradigan korxonalar tomonidan kutilmoqda.

Kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha nisbatan past kutilmalar esa biznesda ham qishloq xo‘jaligi sohasida kuzatildi.

Hududlar bo‘yicha aholi inflyatsion kutilmalarining yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida saqlanib qolmoqda. Nisbatan past inflyatsion kutilmalar Namangan viloyatida istiqomat qilayotgan aholi tomonidan qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid