
«Ipoteka bank» zarardan keyin foydaga kirdi
2025 yilning uchinchi choragida «Ipoteka bank» sof foyda ko‘rsatkichini qayta tikladi. Ikkinchi chorakda qayd etilgan 392,5 mlrd so‘mlik zarar qoplanib, bank moliyaviy barqarorlikka qaytdi.

«Ipoteka bank» 2025 yilning uchinchi choragini 102,5 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Hisobotga ko‘ra, bankning foydasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 46 foizga kam bo‘lganiga qaramay, ikkinchi chorakdagi katta zarar qoplandi.
2025 yilning ikkinchi choragida «Ipoteka bank» 392,5 mlrd so‘mlik zarar qayd etgan edi. Biroq uchinchi chorakda 495 mlrd so‘m sof foyda olinib, ushbu yo‘qotishni to‘liq qoplash imkoni yaratildi.
Bank rahbariyati ma’lumotiga ko‘ra, foydaning tiklanishi bir necha omillar — kreditlar portfelini optimallashtirish, xarajatlarni qisqartirish hamda ichki nazoratni kuchaytirish bilan bog‘liq.
Shuningdek, joriy yilning 9 oyi davomida bank xodimlariga to‘lanadigan maosh va boshqa operatsion xarajatlar uchun jami 884 mlrd so‘m sarflangan.
Moliyaviy natijalar «Ipoteka bank»ning faoliyatida barqarorlikka qaytish jarayoni boshlanganidan dalolat beradi.





