add

Ipoteka kreditidan foydalanayotgan ayollar soni ortib bormoqda

17.10.2025 | 15:0032483

2025 yilning to‘qqiz oyida aholiga 15,07 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi. Ajratilgan ipotekaning 40 foizini xotin-qizlarga berilgan kreditlar tashkil qildi.

Ipoteka kreditidan foydalanayotgan ayollar soni ortib bormoqda
Markaziy bank tomonidan 2025 yilning 9 oyi davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha ma’lumot e’lon qilindi. Unga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida aholiga 15 trln 67 mlrd so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 3,3 trln so‘mga yoki 28,4 foizga ko‘pdir. Ipotekaning eng katta qismini Iqtisodiyot va moliya vazirligi shartlari asosidagi kreditlar (7,4 trln so‘m) tashkil qilmoqda. Shuningdek, banklar o‘zm mablag‘lari hisobidan 6,1 trln so‘mlik, Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi esa 1,5 trln so‘m miqdorida kredit bergan. Hududlar kesimida eng ko‘p ipoteka kreditlari Toshkent shahri, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. E’tibor berish kerakki, ipoteka krediti olganlar orasida xotin-qizlar ulushi ortib bormoqda. Bu yil 50 ming 100 nafar fuqaroga ajratilgan ipoteka kreditlarining 20 ming 297 nafarini yoki 40 foizini ayollar tashkil qilgan. Ipoteka kreditidan foydalangan xotin-qizlar ulushi 2024-yilda 37 foizni, 2023-yilda 36 foizni tashkil etgan edi. Ipoteka kreditlarining katta qismi (74 foiz) birlamchi uy-joy bozori uchun yo‘naltirilgan. Shuningdek, ajratilgan ipoteka kreditlarining o‘rtacha foiz stavkasi ko‘tarilgan. Yangi tartib doirasidagi ipoteka kreditlari o‘rtacha stavkasi sentyabrda 17 foizdan 17,1 foizga, banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratgan ipotekalari stavkasi 22,7 foizdan 22,8 foizga ko‘tarilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Ipoteka kreditidan foydalanayotgan ayollar soni ortib bormoqda | Vaqt.uz