add

Ipoteka sekinlashdi, lekin banklar qarz berishda davom etyapti

29.07.2025 | 12:1534024

Iyun oyida O‘zbekiston bank sektorida kredit qo‘yilmalari 7,6 trln so‘mga o‘sdi. Ammo ipoteka kreditlarining o‘sish sur’ati uch oydan beri sekinlashgan. Shunga qaramay, banklar muammoli kreditlarni keskin qisqartirishga erishmoqda.

Ipoteka sekinlashdi, lekin banklar qarz berishda davom etyapti
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida bank tizimida umumiy kredit qoldig‘i 575,2 trln so‘mga yetdi. Bu bir oydagi 7,6 trln so‘mlik o‘sishni anglatadi. Shu jumladan, korporativ kreditlar 4,4 trln so‘mga, chakana kreditlar esa 3,2 trln so‘mga ko‘paygan. Chakana kreditlar tarkibida eng yirik ulush mikroqarzlarga to‘g‘ri kelmoqda (+2,7 trln so‘m). Ipoteka kreditlari esa uchinchi oydirki sekinlashmoqda — bu oyda atigi 756 mlrd so‘mlik o‘sish qayd etilgan. Markaziy bank avtokreditlarni alohida hisobga olishni boshlagani natijasida, asosan avtokreditlardan iborat bo‘lgan iste’mol kreditlari qoldig‘i 1,1 trln so‘mga kamaydi. Boshqa toifadagi chakana kreditlar, ehtimolki kredit kartalari, 166 mlrd so‘mga ko‘paydi. Oy davomida eng katta kredit qo‘yilmasi o‘sishi Agrobankda (+3,1 trln so‘m), Kapitalbank (+1,1 trln so‘m) va Milliy bankda (+768 mlrd so‘m) kuzatildi. Banklar, yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, an’anaviy ravishda muammoli kreditlarni keskin kamaytirishgan. Muammoli kreditlar 1,7 trln so‘mga qisqarib, 21,9 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu ularning umumiy kreditlardaggi ulushini 3,8 foizgacha tushirdi. Bu jarayonda Ipotekabank (–1,0 trln so‘m), Milliy bank (–877 mlrd so‘m) va BRB (–419 mlrd so‘m) faol ishtirok etgan. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, muammoli kreditlarning kamayishi faqat qarzlarni amaliy undirish hisobidan emas — ular restrukturizatsiya qilish, garov mulkini bank balansiga olish yoki hisobdan chiqarish orqali kamaytirilmoqda. Shuningdek, u Markaziy bankdan hisobotlarda to‘liq manzarani ta’minlash uchun balansdan tashqari qarzlar, qaytarilmagan foizlar va restrukturizatsiya qilingan kreditlar to‘g‘risida alohida ma’lumot berib borsa bo‘lardi, degan.

Teglar

Mavzuga oid