add

Iroqlik 100 nafardan ortiq tadbirkor O‘zbekistonga keldi

Bugun 18:302 daqiqa

Iroqdan kelgan yirik biznes delegatsiyasi O‘zbekistonda sanoat, savdo va qurilish kabi qator sohalarda hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Iroqlik 100 nafardan ortiq tadbirkor O‘zbekistonga keldi

13-yanvar kuni Iroq ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat 100 nafardan ortiq tadbirkorni qamrab olgan biznes delegatsiyasi maxsus charter reys bilan Toshkent shahriga yetib keldi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, delegatsiya tarkibida 17 nafar rasmiy shaxs ham ishtirok etmoqda. Ular orasida Iroq savdo vaziri Asir al-G‘aririy, Iroq Investitsiyalar bo‘yicha milliy qo‘mita raisi o‘rinbosari Salar Muhammad Amin, Iroq Iqtisodiy kengashi raisi Ibrohim al-Mas’udiy al-Bag‘dadiy va Iroq Savdo palatalari federatsiyasi raisining maxsus vakili Amir Alaviy bor. Shuningdek, 120 nafarga yaqin yirik iroqlik tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ham delegatsiyaga qo‘shilgan.

Tashrif dasturi doirasida iroqlik ishbilarmonlar O‘zbekistonda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sanoati, savdo, qurilish materiallari ishlab chiqarish, pudrat ishlari, ko‘chmas mulk, farmatsevtika hamda elektrotexnika va avtomobilsozlik sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganadi. Shuningdek, ular to‘qimachilik, mebelchilik, zargarlik va neft mahsulotlari bilan bog‘liq yo‘nalishlarga ham qiziqishmoqda.

Bundan tashqari, axborot texnologiyalari, konsalting, bojxona deklaratsiyasi va turizm kabi xizmatlar sohasida ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. Bu yo‘nalishlar ikki mamlakat o‘rtasida xizmatlar eksportini oshirish uchun muhim hisoblanadi.

Dasturga muvofiq, Iroq biznes missiyasi O‘zbekiston vazirlik va idoralari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Shu bilan birga, Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Iroq biznes forumlarida hamda mahalliy tadbirkorlar bilan B2B formatdagi muzokaralarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari farmatsevtika klasteri va oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmalariga tashrif buyuradi.

Teglar

Mavzuga oid