
Ishdagi baxtsiz hodisalar: bir yilda 248 o‘lim qayd etildi
2025 yilda O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida 248 kishi vafot etdi.

2025 yilda O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida 248 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi. Ko‘rsatkich ish joylarida xavfsizlik talablariga rioya etilishi dolzarb muammo bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida respublika bo‘ylab 849 ta mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisa tekshirilib, rasman hisobga olingan. Ularning salmoqli qismi og‘ir yoki o‘lim bilan tugagan holatlar hisoblanadi.
Ro‘yxatga olingan hodisalarning 50 tasi guruhiy, 583 tasi og‘ir oqibatli, 216 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan. Ushbu holatlar natijasida jami 961 nafar kishi jabr ko‘rgan bo‘lib, ularning 680 nafari og‘ir, 33 nafari yengil tan jarohati olgan.
Baxtsiz hodisalar bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvlar ortidan 432 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, 241 nafar shaxsga ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Sohalar kesimida eng ko‘p baxtsiz hodisalar qurilish sohasida qayd etilgan — 234 ta. Shuningdek, yengil sanoatda 47 ta, transport tarmog‘ida 37 ta holat aniqlangan. Hududlar bo‘yicha esa Toshkent shahri yetakchi bo‘lib, 153 ta baxtsiz hodisa shu yerda ro‘y bergan. Keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo (93 ta), Buxoro (92 ta) va Andijon (75 ta) viloyatlari keladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil dekabrida tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini tashkil etish tartibini belgilaydigan yangi nizom tasdiqlanib, ish beruvchilar uchun qo‘shimcha talablar joriy etilgan.





