Ishlab chiquvchilarni hayratga solgan sirli SI modeli: bu «DeepSeek»ning navbatdagi katta xitimi?

Bugun 16:353 daqiqa

«OpenRouter» SI-platformasida ishlab chiquvchi haqida hech qanday ma’lumotsiz «Hunter Alpha» deb nomlangan bepul model paydo bo‘ldi. Anonim tizim «DeepSeek»ning kelgusi relizi uchun ilk sinov versiyasi bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi.

Ishlab chiquvchilarni hayratga solgan sirli SI modeli: bu «DeepSeek»ning navbatdagi katta xitimi?

O‘tgan hafta ishlab chiquvchilar platformasida anonim tarzda paydo bo‘lgan kuchli sun’iy intellekt modeli Xitoyning «DeepSeek» startapi rasmiy ishga tushirish oldidan o‘zining yangi avlod tizimini yashirincha sinovdan o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlarga sabab bo‘ldi, deb yozdi «Reuters.

«Hunter Alpha» deb nomlangan bepul model 11-mart kuni «OpenRouter» SI-platformasida ishlab chiquvchi haqida hech qanday ma’lumotsiz paydo bo‘ldi va keyinchalik platforma tomonidan «yashirin model» sifatida ta’riflandi.

«Reuters» tomonidan o‘tkazilgan sinovlar davomida «Hunter Alpha» chatboti o‘zini «asosan xitoy tilida o‘qitilgan xitoylik SI modeli» deb tanishtirgan va uning o‘quv ma’lumotlari 2025-yil mayigacha bo‘lganini bildirgan, bu esa «DeepSeek»ning o‘z chatbotida qayd etilgan bilimlar chegarasi bilan bir xil. Biroq yaratuvchisi haqida so‘ralganda, tizim ishlab chiquvchini oshkor etishdan bosh tortgan.

«Men faqat o‘z nomimni, parametrlar hajmini va kontekst oynasi uzunligini bilaman», – degan chatbot.

Hozircha na «DeepSeek», na «OpenRouter» model yaratuvchisini ma’lum qilmagan.

«Hunter Alpha» profilida u 1 trillion parametrli model sifatida tasvirlangan, ya’ni u tilni qayta ishlash va javoblar yaratishni belgilaydigan taxminan bir trillion o‘zgaruvchan qiymatlar asosida o‘qitilgan. Odatda parametrlari ko‘proq bo‘lgan modellar ishlashi uchun ancha katta hisoblash quvvati talab qiladi.

Tizim, shuningdek, 1 million tokengacha bo‘lgan kontekst oynasini taklif qiladi, bu SI modeli bir martadagi muloqot davomida qancha matnni qayta ishlay olishi yoki eslab qolishini ko‘rsatadigan o‘lchovdir. Token odatda qisqa matn bo‘lagiga, masalan so‘zning bir qismiga to‘g‘ri keladi.

«Eng ajralib turgan jihat «Hunter Alpha»ning 1 million tokenli konteksti, fikrlash (reasoning) qobiliyati va bepul foydalanish imkoniyati birlashganidir. Bunday kontekst oynasiga ega ilg‘or modellar odatda katta miqyosda ancha qimmatga tushadi», – dedi SI-agent tizimlari yaratuvchi muhandis Nabil Haouam.

Bu xususiyatlar mahalliy OAVlarda e’lon qilingan «DeepSeek»ning yangi avlod «V4» modeli haqidagi kutilmalarga o‘xshaydi, Xitoy nashrlari uni aprel oyidayoq ishga tushirilishi mumkinligini xabar qilgan. «DeepSeek» ko‘plab xitoylik raqobatchilari kabi yaxshi moliyalashtirilgan, biroq uning tuzilmasi noodatiy: bosh kompaniyasi texnologik korporatsiya emas, balki kvantitativ xej-fond hisoblanadi.

Bu o‘xshashliklar to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlikni isbotlamasa-da, ishlab chiquvchilar orasida anonim tizim «DeepSeek»ning kelgusi relizi uchun ilk sinov versiyasi bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi.

«Fikrlash jarayoni (chain-of-thought) eng kuchli signal bo‘lishi mumkin. Fikrlash uslubini yashirish qiyin va u odatda model qanday o‘qitilganini aks ettiradi», – dedi model chiqqandan keyin tahlil qilgan SI-muhandisi Daniel Devurst.

Uning aytishicha, «Hunter Alpha»ning hajmi va xotira sig‘imi ham yil boshidan beri «DeepSeek» «V4» uchun tarqalgan texnik ko‘rsatkichlarga mos keladi.

Shu bilan birga, ayrim ishlab chiquvchilar ushbu modelni «DeepSeek» bilan bog‘lash uchun dalillar yetarli emasligini ta’kidlashdi.

«Mening tahlilimga ko‘ra, «Hunter Alpha» ehtimol «DeepSeek V4» emas», – dedi mustaqil SI-benchmark sinovlarini olib boruvchi Umur Ozkul token bilan bog‘liq xulq-atvor va arxitekturadagi farqlarga ishora qilib.

Uning qo‘shimcha qilishicha, vaqt va e’lon qilingan imkoniyatlarni hisobga olganda, modelni «DeepSeek» bilan bog‘lashga urinishlar tushunarli.

Ishlab chiquvchilar sinovi

Anonim modellarni ishga tushirish g‘ayrioddiy holat emas, chunki «OpenRouter» kabi platformalar ishlab chiquvchilarga bir interfeys orqali o‘nlab SI-modellarga so‘rov yuborish imkonini beradi va yangi tizimlarni sinovdan o‘tkazish uchun mashhur maydon hisoblanadi.

«Pony Alpha» nomli yana bir anonim model fevral oyida «OpenRouter»da paydo bo‘lgan edi. Besh kundan so‘ng Xitoyda ishlab chiqilgan «Zhipu AI» uni o‘zining GLM-5 tizimiga tegishli ekanini tasdiqladi.

«Hunter Alpha» profil sahifasidagi bildirishda aytilishicha, model uchun barcha so‘rovlar va javoblar «ta’minotchi tomonidan qayd etiladi va modelni yaxshilash uchun ishlatilishi mumkin». Bu esa sanoatda keng tarqalgan yashirin (stealth) model ishga tushirish orqali xolis fikr-mulohaza yig‘ish amaliyotini ko‘rsatadi.

Model platformada paydo bo‘lishi bilan tezda ommalashdi va yakshanba kuniga kelib «OpenRouter» statistikasiga ko‘ra 160 milliarddan ortiq tokenni qayta ishlagan.

Faoliyatning katta qismi dasturiy ta’minot ishlab chiqish vositalari va SI-agent freymvorklari, masalan «OpenClaw» orqali amalga oshirilgan. Bu kabi tizimlar SIga mustaqil ravishda vazifalarni rejalashtirish va tashqi dasturlar bilan o‘zaro aloqa qilish imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid