
Islomoboddagi masjid portlashi ortidan to‘rt kishi qo‘lga olindi
6-fevral kuni Pokiston poytaxti Islomoboddagi masjidda portlash sodir bo‘lgan edi. Hodisa oqibatida 32 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar yaralangan.

Islomobodda juma namozi vaqtida sodir etilgan portlash ortidan to‘rt nafar shaxs qo‘lga olindi. Pokiston ichki ishlar vaziri Mohsin Naqviyning ma’lum qilishicha, hibsga olinganlar orasida hujumni rejalashtirgan deb gumon qilinayotgan Afg‘oniston fuqarosi ham bor. Gumonlanuvchilarni ushlash bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyalar davomida terrorizmga qarshi kurash bo‘limiga qarashli bir nafar ofitser halok bo‘lgan, yana uch nafar xodim yaralangan.
Hujum juma kuni Islomobodning Tarlay hududida joylashgan shialar masjidida, ibodatchilar ko‘p to‘plangan paytda amalga oshirilgan. Portlash natijasida kamida 32 kishi halok bo‘lgan, 160 dan ortiq inson jarohat olgan. Bu voqea so‘nggi o‘n yil ichida poytaxtda qayd etilgan eng qonli terrorchilik hujumi sifatida baholanmoqda.
Shanba kuni Islomobodda minglab odamlar halok bo‘lganlarning dafn marosimlarida ishtirok etgan. Marosimlar kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tkazilgan.
Portlash uchun javobgarlikni «Islomiy davlat» ekstremistik guruhi o‘z zimmasiga olgan. Pokiston bosh vaziri Shehboz Sharif hujumni keskin qoralab, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Prezident Asif Ali Zardari esa tinch aholini nishonga olishni «insoniyatga qarshi jinoyat» deb atadi.
Ichki ishlar vaziri Mohsin Naqviy hujum ortida tashqi moliyalashtirish omillari bo‘lishi mumkinligini aytdi va ayrim davlatlarni aybladi. Shuningdek, hukumat Islomobodda xavfsizlikni kuchaytirish, qo‘shimcha politsiya xodimlarini ishga olish hamda «aqlli xavfsizlik» tizimlarini kengaytirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahridagi masjidda sodir bo‘lgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani hamda jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy va bosh vaziri Shahboz Sharifga ta’ziya yo‘llagan edi.





