
Islomoboddagi masjidda portlash: 31 kishi halok bo‘ldi
Pokiston poytaxtidagi masjidda bugun, 6-fevral kuni juma namozi paytida portlash sodir bo‘ldi. Qurbonlar soni 31 kishiga yetdi.

Pokiston poytaxti Islomobodda bugun, 6-fevral kuni juma namozi paytida masjidda sodir bo‘lgan portlash oqibatida 31 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi. Bu haqda mahalliy rasmiylar ma’lum qildi.
Shaharning Tarlay hududida joylashgan shialar masjididagi portlashdan so‘ng Islomoboddagi uchta shifoxonada favqulodda holat e’lon qilindi. Rasmiylar yaralanganlar sonini 100 nafardan ortiq deb baholamoqda.
«Portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni oshdi. Jami 31 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Shifoxonalarga yetkazilgan yaralanganlar soni esa 169 nafarga yetdi», – dedi Islomobod shahar hokimining o‘rinbosari Irfon Memon.
Portlash sababi hozircha aniq emas, biroq ayrim xabarlarda hodisa xudkush terrorist tomonidan amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif voqeani qoralab, «chuqur qayg‘u» izhor etdi.





