
Ispaniya banki O‘zbekistonda muhim loyihalarni moliyalashtirishga qiziqish bildirmoqda
20.05.2025 | 13:1521073
O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov «Santander» banki rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida bank O‘zbekistondagi infratuzilma va energiya sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishga qiziqish bildirdi.

O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniyaning «Banco Santander» banki ijrochi direktori Ignasio Saldivar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar tarqatdi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik istiqbollari va amaliy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashishdi.
Muzokarada Ispaniya bankining O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini kengaytirishga, xususan, mamlakatdagi muhim loyihalarni moliyalashtirishga bo‘lgan qiziqishi qayd etildi. Shu maqsadda «Banco Santander» bank filialini ochish taklifi bildirildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston banklari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlash va kredit liniyalarini ochish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bunday hamkorlik yirik sarmoyaviy tashabbuslarni amalga oshirishda qo‘shimcha resurslar manbasini yaratadi hamda kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun moliyaviy vositalarga yetarlicha imkoniyat beradi.
Muloqotda infratuzilma va sanoat ob’ektlarini loyihaviy moliyalashtirish, shuningdek, energetika sohasidagi innovatsion yechimlar masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ispaniya tomoni tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda «Solar Nature» MCHJ bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasini moliyalashtirishga qiziqish bildirildi. Muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish, yangi hamkorlik formatlarini ishlab chiqish va ekspertlar darajasida maslahatlashuvlarni davom ettirish to‘g‘risidagi kelishuvlar bilan yakunlandi.





