
Isroil 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi — Tramp
02.07.2025 | 11:2022854
AQSH ma’muriyatiga ko‘ra, bu kelishuv tinchlikka olib borishi mumkin.
AQSH prezidenti Donald Trampning ma’lum qilishicha, Isroil G‘azoda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga oid zarur shartlarga rozilik berdi. Bu haqda CNN telekanali xabar tarqatdi.
Trampning ta’kidlashicha, 1 iyul kuni uning vakillari Isroil rasmiylari bilan G‘azoda samarali muzokaralar olib borishgan. Muzokaralar natijasida Isroil vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini qabul qilgan. Ushbu davrda barcha tomonlar bilan tinchlikni ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.
Hozircha HAMAS tomonidan mazkur taklif qabul qilinishi yoki yo‘qligi noma’lum. AQSH va Isroil ma’muriyati bu kelishuvga HAMAS ham rozi bo‘lishiga umid qilmoqda. Trampning ta’kidlashicha, Qatar va Misr HAMASni kelishuvni qabul qilishga ko‘ndirishga yordam berishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, taklif Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff rahbarligida bir necha oy davom etgan yashirin muzokaralar natijasida ishlab chiqilgan. Unda HAMAS manfaatlari ham hisobga olingan. Jumladan, isroillik garovga olingan fuqarolarning falastinlik mahbuslar evaziga ozod etilishi nazarda tutilgan.
1 iyul kuni Qatar tomoni ham Isroil, ham HAMASga mazkur kelishuv loyihasini taqdim etgan. Shuningdek, 30 iyun kuni Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu uchrashuv o‘tkazishi kerak edi. Unda olovni to‘xtatish yoki G‘azoda harbiy harakatlarni kuchaytirish masalasi muhokama qilinishi rejalashtirilgan edi.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, hukumat hali urushda barcha maqsadlariga erishmagan. HAMAS kuchlari kamaygan, biroq yashiringani sababli ularni aniq nishonga olish murakkablashgan.





