
Isroil G‘arbiy sohilning 60 foizini bosib olishga tayyorlanmoqda
23.09.2025 | 09:0044333
Axios manbasiga ko‘ra, Binyamin Netanyahu Donald Trampdan G‘arbiy sohilning katta qismini okkupatsiya qilishga ruxsat so‘ragan.

Axios nashrining xabar berishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘tgan hafta Ierusalimda AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvda G‘arbiy sohil hududlari ustida to‘liq nazorat o‘rnatishning turli ssenariylarini muhokama qilgan. Manbalarga ko‘ra, Netanyahu Donald Trampdan mazkur rejaga siyosiy yordam berishini istamoqda.
G‘arbiy sohil 1993 yilda imzolangan kelishuvga ko‘ra uchta zonaga bo‘lingan: A zona (17,2 foiz) to‘liq Falastin milliy ma’muriyati nazorati ostida; B zona (23,8 foiz)da fuqarolik boshqaruvi Falastin milliy ma’muriyati ixtiyorida, xavfsizlik masalalari esa Isroil bilan birgalikda hal qilinadi. Eng yirik S zona— 59 foiz hudud esa boshidanoq Isroil harbiylari va hukumati nazoratida bo‘lib kelmoqda.
Axios nashrining yozishicha, Isroil hukumati aynan shu C zonani to‘liq okkupatsiya qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. AQSH rasmiylari esa bu qadamga qarshi chiqmoqda, chunki bunday qaror Ibrohim kelishuvlarini xavf ostida qoldirishi mumkin. Mazkur kelishuvlar Donald Trampning ilk prezidentlik davrida erishilgan muhim diplomatik yutuq sifatida baholanadi.
Hozircha Vashington rasmiy ravishda anneksiyaga rozilik bildirmagan bo‘lsa-da, Quddusdagi muzokaralar orqali Netanyahu Tramp ma’muriyatidan «yo‘l xaritasi» olishga intilayotgani aytiladi. Bu esa yaqin kelajakda Isroilning G‘arbiy sohildagi siyosati yanada keskinlashishi mumkinligidan dalolat beradi.





