add

Isroil G‘azo sektorida yangi harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Bugun 08:582 daqiqa

Isroil armiyasi mart oyida G‘azo shahriga yo‘naltirilgan yangi harbiy amaliyot rejasini ishlab chiqdi, ammo uni amalga oshirish AQSH pozitsiyasiga bog‘liq.

Isroil G‘azo sektorida yangi harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Isroil mudofaa armiyasi — SAHAL mart oyida G‘azo sektorida jang harakatlarini qayta jonlantirish ssenariysini tayyorlagan. Bu haqda «The Times of Israel» nashri isroillik mansabdor shaxs va arab diplomatiga tayanib xabar berdi.

Rejaga ko‘ra, SAHAL G‘azo shahri tomon yirik hujum uyushtirib, anklavda Isroil nazoratidagi hududni kengaytirishni ko‘zlamoqda. Ayni paytda harbiylar «Sariq chiziq» deb ataluvchi, otashkesim chizig‘i bo‘ylab joylashgan. Manbalarga ko‘ra, yangi rejada ushbu chiziq G‘azo sohili tomon surilishi mumkin.

Nashr qayd etishicha, operatsiyaga tayyorgarlik haqidagi ma’lumotlar SAHALning yaqindagi zarbalari natijasida G‘azo aholisidan uch nafar kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarlar ortidan paydo bo‘lgan. Isroil armiyasi versiyasiga ko‘ra, halok bo‘lganlar harbiy bo‘linmalarga xavfli darajada yaqinlashgan.

Arab diplomatining ta’kidlashicha, yangi amaliyot AQSH qo‘llab-quvvatlovisiz amalga oshishi qiyin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington hozircha oktabrda erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini ikkinchi bosqichga o‘tkazishga harakat qilmoqda. Bu bosqich HAMASni qurolsizlantirishni nazarda tutadi.

Manbaning aytishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish masalasida hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan. Biroq u HAMASni to‘liq qurolsizlantirish mumkinligiga ishonmaydi. Shu sababli, manbalarga ko‘ra, Netanyahu SAHALga ehtimoliy harbiy harakatlar rejasini tayyorlashni topshirgan.

Shu bilan birga, «The Wall Street Journal» ma’lum qilishicha, HAMAS to‘liq qurolsizlanishni rad etmoqda va o‘z harbiy salohiyatini tiklashga e’tibor qaratyapti. Arab manbalariga ko‘ra, guruh og‘ir qurollarning qoldiqlarini topshirishga tayyor, ammo o‘qotar qurollardan voz kechish niyatida emas. Isroil baholashicha, HAMAS ixtiyorida hozircha taxminan 60 mingta vintovka va 20 mingga yaqin jangari qolgan. Shuningdek, moliyaviy oqimlar tiklangani ortidan guruh so‘nggi paytlarda jangchilariga maosh to‘lashni qayta yo‘lga qo‘ygan.

Teglar

Mavzuga oid