add

Isroil hukumati G‘azo shahrini to‘liq ishg‘ol qilish rejasini ma’qulladi

08.08.2025 | 12:3011414

Netanyahu rahbarligidagi xavfsizlik kabineti SAHALga G‘azoni egallash va shu bilan birga humanitar yordam ko‘rsatish topshiriq berdi.

Isroil hukumati G‘azo shahrini to‘liq ishg‘ol qilish rejasini ma’qulladi
Isroil xavfsizlik kabineti 10 soatlik muhokamadan so‘ng G‘azo shahrini to‘liq nazoratga olish rejasini ma’qulladi. Hozir SAHAL shaharning taxminan 75 foizini nazorat qilmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu qadamni «HAMASni yo‘q qilish» rejasi doirasida taklif etgan. Oq uy matbuot xizmatiga ko‘ra, armiya G‘azo shahrini egallashga tayyorgarlik ko‘rar ekan, jang hududidan tashqaridagi aholiga humanitar yordam ko‘rsatishda davom etadi. Kabinet «urushni tugatish» uchun qator prinsiplarni belgiladi: HAMASni qurolsizlantirish, barcha garovdagi shaxslarni qaytarish, sektorni demilitarizatsiya qilish, xavfsizlik nazoratini Isroil qo‘lida ushlash va HAMAS hamda Falastin milliy ma’muriyati ishtirokisiz fuqarolik hukumatini shakllantirish. SAHAL bosh shtabi rahbari Eyal Zamir bu qarorga qarshi chiqdi, chunki u gumanitar inqiroz va garovdagilar hayoti xavf ostida qolishidan xavotirda. Tayyorlanayotgan operatsiya 800 ming aholi yashaydigan shaharni to‘liq evakuatsiya qilishni talab qilishi mumkin. Axios ma’lumoticha, bu bosqich G‘azo sektori bo‘ylab keng ko‘lamli okkupatsiya rejasining dastlabki qismi bo‘ladi. Bloomberg nashrining yozishicha, G‘azo shahri urush davomida aviatsiya hujumlariga uchragan, ammo qurolli kuchlar yerdagi operatsiya bilan kirmagan hududlardan biri hisoblanadi. U yerda taxminan 50 nafar isroillik garovda ekani, shularning 20 nafari hamon tirik ekanligi aytilmoqda. Netanyahu Fox News telekanaliga sektorni to‘liq nazorat qilish niyati borligini, ammo uni abadiy saqlab qolmasligini bildirdi. Uning rejasiga ko‘ra, hudud arab kuchlariga o‘tkazilib, ular Isroilga tahdidsiz va aholi uchun yaxshiroq sharoit yaratadigan boshqaruv o‘rnatishi kerak. Isroil muxolifati rahbari Yair Lapid bu qarorni «yangi urush va ulkan xarajatlar», deb atadi. HAMAS esa Netanyahuning rejasini muzokara jarayoniga qarshi «hujum» deb baholadi.  

Teglar

Mavzuga oid