Isroil musulmonlarni Al-Aqsoga kiritmayapti
Isroil hukumati musulmonlarga masjidga kirishga ruxsat bermaydi — Turkiya va yana yettita musulmon davlati Tel-Aviv qarorini keskin qoraladi
© Foto: TRT RussianIsroil hukumati 1967-yildan beri ilk bor Ramazon avjida xavfsizlikka tahdid va mintaqaga berilayotgan harbiy zarbalarni vaj qilib Al-Aqso masjidini yopib qo‘ydi. Bu qaror musulmon davlatlarining keskin reaksiyasiga sabab bo‘ldi va Yaqin Sharqning eng nozik diniy maskanlaridan biri atrofidagi taranglikni kuchaytirdi.
O‘tgan juma kuni o‘n minglab falastinliklar muqaddas oyning ikkinchi juma namozini ado etish uchun Quddusning Eski shahar qismidagi Al-Aqso majmuasi hovlilariga to‘planishgan edi. Keyingi kunning o‘zidayoq Isroil politsiyasi majmua darvozalarini yopdi va kirishni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi. Hukumat bu qarorni raketa zarbalari xavfi va odamlarni boshpanalarga yaqinroq tutish zarurati bilan izohladi.
Ko‘plab falastinliklar uchun bu og‘ir zarba bo‘ldi. Musulmonlar an’anaviy ravishda Al-Aqsodagi namozni Ramazonning eng muhim qismi deb hisoblashadi.
«Ushbu oyni Al-Aqsodagi ibodat bilan bog‘laydigan mo‘minlar qattiq xafa», — dedi falastinlik islom olimi Mustafo Abu Suey, muqaddas joylarni boshqaradigan islom vaqfi rahbari o‘rinbosari.
Quddus markazidagi muqaddas tepalik musulmonlarga «Blagorodnoye svyatilishche» (Al-Haram ash-Sharif) sifatida mashhur. Bu yerda Al-Aqso va Qutb as-Saxra masjidlari joylashgan. Yahudiylar uchun ham bu joy muhim ahamiyatga ega: ular uni Ibodatxona tog‘i deb atashadi va qadimiy yahudiy ibodatxonalari o‘rni deb hisoblashadi. Shu sababli bu hudud o‘n yillar davomida Isroil-Falastin mojarosining asosiy o‘choqlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Rasman majmuada «status-kvo» tartibi amal qiladi. Unga ko‘ra, musulmonlar tepalikda namoz o‘qishlari mumkin, boshqa din vakillari esa faqat diniy marosimlarsiz tashrif buyurish huquqiga ega.
Biroq, so‘nggi yillarda Tel-Aviv masjidlar hududiga o‘ta o‘ng qanot yahudiy faollarini kiritish orqali status-kvoni ataylab o‘zgartirmoqda. Ularning ba’zilari ochiqchasiga duolar o‘qishmoqda va Quddusdan barcha falastinliklarni haydab chiqarishga chaqirishmoqda. Bu tashabbuslarni Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Majmua yopilishi fonida sakkizta musulmon davlati — Turkiya, Misr, Iordaniya, Indoneziya, Pokiston, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA qo‘shma bayonot bilan chiqishdi. Tashqi ishlar vazirlari Isroilni e’tiqod erkinligini cheklashda ayblashdi va jahon hamjamiyatini Isroil hukumatiga bosim o‘tkazishga chaqirishdi.
Diplomatlar masjid darvozalarini zudlik bilan ochishni va Eski shaharga kirish cheklovlarini olib tashlashni talab qilishdi. Shuningdek, ular Sharqiy Quddus okkupatsiya qilingan hudud bo‘lib qollayotganini, Al-Aqso majmuasini boshqarish esa islom vaqfiga tegishli bo‘lishi kerakligini ta’kidlashdi.





