
Isroil Suriyadagi druzlarni bahona qilib, Damashqni bombaladi
17.07.2025 | 08:2046883
Suvaydadagi to‘qnashuvlar tufayli Isroil Suriya poytaxtidagi mudofaa qarorgohi va prezident saroyi yaqiniga havo zarbasi berib, mintaqadagi harbiy keskinlikni yanada oshirdi.

Isroil Damashqdagi Suriya mudofaa vazirligi qarorgohiga hamda prezident saroyi yaqiniga havo zarbalari berdi. Bu Suvayda shahrida hukumat kuchlari va druz jangarilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi, deb yozmoqda Al Jazeera.
Turli pabliklarda e’lon qilingan videolarda Isroil zarbalari oqibatida qarorgoh devorlari yonida to‘rtta portlash va osmonga ko‘tarilgan qora tutun ko‘rinib, keyinchalik prezident saroyi yaqiniga ham zarba berilgan.
Isroil bu zarbalarni druzlar jamiyatini himoya qilish maqsadida amalga oshirganini ta’kidladi. Biroq Suriyadagi druz jamoasi bundan avval Isroil aralashuvini rad etgan.
Suriya Ichki ishlar vazirligi Suvaydada harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv e’lon qildi. Druzlarning diniy rahbari shayx Yusuf Jarbu tinchlik shartlarini tasdiqlab, barcha tomonlar harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishga rozi bo‘lganini bildirgan.
Suriyaning rasmiy SANA agentligiga ko‘ra, hujumda bir kishi halok bo‘lgan, 28 kishi jarohat olgan. Hukumat Suvaydada tinch aholini evakuatsiya qilish uchun xavfsiz yo‘laklar ochganini ma’lum qildi.





