
Isroil Ukrainaga Patriot tizimlarini taqdim etganini tasdiqladi
10.06.2025 | 10:303493
Isroil Ukrainaga AQSHdan o‘tgan asrning 90-yillar boshida olgan Patriot mudofaa tizimlarini berishga rozi bo‘lgan. Bu haqda Isroilning Ukrainadagi elchisi Mixail Brodskiy ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ushbu qurollar allaqachon Ukraina hududiga yetkazilgan.

Isroil rasmiylari avvalroq harbiy yordam ko‘rsatmagani haqidagi tanqidlarga javoban bu qarorni ochiqlamay kelayotgandi. Ammo Brodskiy bu yordamni inkor qilish nohaqlik ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Patriot tizimlari avval Isroil armiyasining ixtiyorida bo‘lgan va hozirda Ukrainaga yuborilgan.
Isroil avval Ukrainaga qurol yetkazib berishdan bosh tortgandi. Bu qaror mamlakatning o‘z zaxiralari tugab qolishi xavfi va boshqa operativ omillar bilan izohlangan. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu esa qurollar ehtimoliy tarzda Eron qo‘liga o‘tib ketishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Isroil 2024 yil bahorida o‘zining sakkizta Patriot batareyasini ekspluatatsiyadan chiqarishni boshlaganini e’lon qilgandi. Financial Times nashri o‘sha paytda AQSH, Isroil va Ukraina o‘rtasida ushbu tizimlarni Kiyevga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya bu kabi harakatlar siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida Isroilni ogohlantirgan. Moskva Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatilishini qoralaydi.
May oyi boshlarida Reuters va New York Times nashrlari Kiyev NATO sammitigacha yana Patriot tizimlarini olishi kutilmoqda, deb xabar bergan. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan biri aynan Isroildan yuboriladi.
Ayni paytda Ukrainada Patriot tizimlarining samaradorligi pasaygani ta’kidlanmoqda. Ukraina havo kuchlari vakili Yuriy Ignatga ko‘ra, «Iskander» raketalarining manevrchanligi tufayli Patriot tizimlariga murakkablik tug‘ilayotgani kuzatilmoqda. Shuningdek, Patriot tizimlari dronlar hujumi sababli raketalar zaxirasini yo‘qotmoqda.





