add

Isroil va AQSH G‘azo sulh muzokaralarini tark etdi

25.07.2025 | 12:3023734

Isroil va AQSH delegatsiyalari Qatarda o‘tayotgan G‘azodagi sulh muzokaralarini tark etdi. Vashingtonning bayonotiga ko‘ra, HAMAS «sog‘lom niyat bilan harakat qilmayotgani» uchun muzokaralardan chiqishga qaror qilingan.

Isroil va AQSH G‘azo sulh muzokaralarini tark etdi
AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff bayonotida: «HAMASning so‘nggi javobi G‘azoda otashkesimga erishish istagining yo‘qligini yaqqol ko‘rsatdi. Shuning uchun Dohadagi guruhimizni maslahat uchun qaytarishga qaror qildik», — dedi. Isroil hukumati muzokaralarni tark etish sababini rasman ochiqlamagan. Biroq mahalliy nashrlarda e’lon qilingan fikrlarga ko‘ra yuqori lavozimli manbalar muzokaralar to‘xtmaganini, balki «yetarlicha bosqichga yetib, hozircha qaytishga qaror qilinganini» bildirgan. HAMAS esa Uitkoffning bayonotidan hayratda ekanini va muzokaralarni davom ettirishdan manfaatdorligini bildirdi. Harakatning bayonotida «muvaqqat otashkesim va doimiy tinchlik shartlariga erishish» uchun muzokaralarni davom ettirishga tayyor ekanligi qayd etildi. Qatar va Misr vositachiligidagi muzokaralar ikki haftadan buyon davom etmoqda. Barcha ishtirokchilarning ta’kidlashicha, kelishmovchiliklar hali ham katta. Shu bilan birga, G‘azoda gumanitar inqiroz avjiga chiqqan. BMTning Falastin qochqinlar agentligi ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo shahrida har besh boladan biri ozuqa yetishmovchiligiga duch kelgan. 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlar G‘azoda ommaviy ochlik xavfi haqida ogohlantirib, hukumatlardan chora ko‘rishni so‘ramoqda. Isroil gumanitar yordam taqchilligi uchun HAMASni ayblamoqda. Ammo BMT ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki oyda Isroil harbiylari ozuqa olishga uringan 1000 dan ortiq falastinlikni o‘ldirgan. Ulardan kamida 766 nafari AQSH xususiy xavfsizlik firmalari nazoratidagi harbiy zonalar yaqinida, yana 288 nafari BMT va boshqa yordam karvonlari yaqinida halok bo‘lgan. Isroil armiyasi fuqarolarga qarshi qasddan o‘q uzmaganini, faqat ogohlantiruvchi o‘qlar ishlatilganini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid