add

Isroil vaziri G‘azoni ochlik bilan yo‘q qilishga chaqirdi

26.07.2025 | 10:0032774

Isroilda insonparvarlik inqirozi avj olgan bir paytda, vazir Amihay Eliyahu falastinliklarni oziq-ovqatdan mahrum qilish va G‘azoni xaritadan o‘chirish kerakligini bildirdi.

Isroil vaziri G‘azoni ochlik bilan yo‘q qilishga chaqirdi
G‘azo sektorida kun sayin kuchayayotgan ocharchilik sharoitida Isroilning meros ishlari bo‘yicha vaziri Amihay Eliyahu katta shov-shuvga sabab bo‘ladigan bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil falastinliklarni oziq-ovqat bilan ta’minlash majburiyatiga ega emas va mamlakat bu aholini to‘liq deportatsiya qilishi kerak. Bu haqda u Kol Barama radiostansiyasidagi chiqishi davomida ma’lum qildi. «Britaniya natsistlarni, AQSH yaponlarni, Rossiya ukrainlarni boqmagan. Isroil ham o‘z dushmanlarini boqmasligi kerak», — dedi u. Uning so‘zlari faqat humanitar nuqtayi nazardan emas, balki siyosiy jihatdan ham jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi. Eliyahu, shuningdek, G‘azoni yer yuzidan o‘chirish va uning aholisini butunlay quvib chiqarish maqsad qilinishini ochiq aytdi. Bu so‘zlar Isroil hukumati tomonidan rasman izohlanmagan bo‘lsa-da, mamlakatning Vashingtondagi elchixonasi vazir so‘zlari hukumatning rasmiy pozitsiyasini aks ettirmasligini bildirib, G‘azoga insonparvarlik yordami muntazam yetkazib berilayotganini ta’kidladi. Biroq bu ma’lumotlar BMT va boshqa xalqaro kuzatuvchilarning xabarlariga ziddir. Mart oyidan beri Isroil hech qanday yordam yuklarini G‘azoga kiritmayapti, har kuni o‘nlab bolalar ochlik yoki hujumlar oqibatida halok bo‘lmoqda. Falastinliklar oziq-ovqatga erishish uchun harakat qilganida Isroil armiyasi tomonidan o‘qqa tutilayotgani haqida ham xabarlar bor. Mamlakatdagi muxolifat yetakchisi Yair Lapid bu bayonotni qat’iy qoralab, uni Isroil uchun axloqiy sharmandalik va xalqaro nufuzga katta zarba deb atadi.

Teglar

Mavzuga oid