
Iyul oyida O‘zbekistonga 1 milliondan ortiq xorijiy sayyoh kelgan
12.08.2025 | 11:0025324
Yil boshidan buyon esa bu ko‘rsatkich 6,3 million nafarga yetdi.

Turizm Qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning iyul oyida O‘zbekistonga 1 milliondan ziyod xorijiy turist tashrif buyurgani qayd etilgan. Yil boshidan buyon esa mamlakatimizga jami 6,3 million sayyoh kelgan. Bu — so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va xizmatlar sifatini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar samarasi sifatida baholanmoqda.
Ayrim davlatlar bo‘yicha sayyohlar oqimi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan keskin oshdi. Xususan, Xitoydan kelgan turistlar soni 2,9 barobarga, Yaponiyadan kelganlar esa 1,5 barobarga ko‘paygan.
Shuningdek, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, AQSH va Turkiyadan kelganlar soni 1,2 barobarga o‘sdi. Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Italiya, Malayziya va Hindistondan kelganlar oqimi esa 1,1 barobarga ko‘tarilgani qayd etilgan.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-iyun oylarida 3,5 milliondan ortiq chet el fuqarolari turistik maqsadda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. 2025 yilning 6 oyida esa qariyb 5,3 mln nafar xorij fuqarolari kelgan, ya’ni solishtirilganda 1,7 mln nafarga yoki 48,9 foizga oshgan.
Mutaxassislar fikricha, bunday ijobiy natijalar mamlakatning turizm salohiyatini oshirish, infratuzilmani yangilash, xizmatlar turini kengaytirish va xalqaro miqyosda O‘zbekiston brendini targ‘ib etish ishlari bilan uzviy bog‘liq. Shu bilan birga, mahalliy va xalqaro turizmni qo‘llab-quvvatlash, yangi investitsiyalarni jalb qilish va kadrlar malakasini oshirish sohadagi o‘sish sur’atlarini mustahkamlamoqda.
Turizm sohasidagi barqaror o‘sish kelgusida ham mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita hissani oshirishi kutilmoqda.





