
Jahon elektromobil bozorida «Tesla» yetakchilikni «BYD»ga topshirdi
2025 yil yakunlariga ko‘ra «Tesla» jahon elektromobil bozorida yetakchilikni yo‘qotdi, global sotuvlar bo‘yicha birinchi o‘ringa Xitoyning «BYD» korporatsiyasi chiqdi.

2025 yil yakunlari bo‘yicha «Tesla» jahon elektromobil bozoridagi yetakchilikni «BYD» kompaniyasiga boy berdi. «Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, «Tesla»ning global yetkazib berish hajmlari pasaygan, «BYD» esa yil davomida o‘sishni saqlab qolgan.
«Tesla»ning 2025 yil to‘rtinchi choragidagi jahon bo‘ylab yetkazib berishlari yillik hisobda 16 foizga kamayib, 418,2 mingta avtomobilni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich kompaniyaning o‘z prognozlaridan past bo‘ldi. Yil davomida «Tesla» jami 1,64 mln elektromobil sotdi, bu esa 2024 yilga nisbatan 8,6 foiz kam.
«BYD» esa 2025 yilda 2,26 mln elektromobil sotib, «Tesla»ni ortda qoldirdi. Garchi kompaniyadagi o‘sish sur’ati so‘nggi besh yilda eng past darajada qayd etilgan bo‘lsa-da, u global yetakchilikni qo‘lga kiritishga yetarli bo‘ldi.
«Tesla» sotuvlaridagi pasayishga AQSHda davlat subsidiyalarining bekor qilinishi jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Sentyabr oyida elektromobil xaridi uchun 7500 dollar miqdoridagi soliq imtiyozi bekor qilinishi natijasida avtomobillar narxi oshdi. Bu esa to‘rtinchi chorakda talabni pasaytirdi. Bundan tashqari, subsidiya bekor qilinishi oldidan uchinchi chorakda ajiotajli talab yuzaga kelib, «Tesla» uchun rekord natijalar qayd etilgan edi.
Yevropada esa «Tesla»ga bo‘lgan qiziqish keskin kamaydi. Xususan, Fransiyada sotuvlar 37 foizga, Shvetsiyada esa 66 foizga tushib ketdi. Tahlilchilar bunga kompaniya rahbari Ilon Maskning ayrim konservativ siyosiy kuchlarni ochiq qo‘llab-quvvatlashi Yevropa iste’molchilarida salbiy munosabat uyg‘otgani sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda. Bundan istisno sifatida Norvegiya qayd etildi — u yerda «Tesla» elektromobillari ro‘yxatdan o‘tkazilishi 41 foizga oshgan.
Fond bozorida ham kompaniyalar o‘rtasida farq kuzatildi. «Tesla» aksiyalari yil boshida qisqa muddatli o‘sish ko‘rsatgan bo‘lsa-da, keyin yana pasayish hududiga qaytdi. «BYD» aksiyalari bo‘yicha esa tahlilchilarning aksariyati «sotib olish» tavsiyasini saqlab qolmoqda va yil davomida qimmatlashish ehtimolini yuqori baholamoqda.





