
Jahon smartfon bozorida Apple yetakchilik qilmoqda
2025 yilda global smartfon bozorida Apple 20 foiz ulush bilan Samsung va Xiaomi’ni ortda qoldirdi.

2025 yilda dunyo bo‘ylab smartfon yetkazib berish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 foizga oshdi. Bu o‘sish, asosan, rivojlanayotgan bozorlarda talabning kuchayishi va iqtisodiy faollikning tiklanishi bilan bog‘liq. Bu haqda dunyo bozorlarini tahlil qiluvchi «Counterpoint Research» kompaniyasi ma’lum qildi.
Tahlillarga ko‘ra, 2025 yil yakunida global smartfon bozorida yetakchilikni Apple egalladi. Kompaniya 20 foiz bozor ulushi bilan birinchi o‘rinni saqlab qolgan. Bu natija, avvalo, rivojlanayotgan va o‘rta segment bozorlarida talabning barqaror bo‘lishi, shuningdek, iPhone 17 seriyasining yuqori savdosi hisobiga erishilgan. «Counterpoint» tahlilchisi Varun Mishraning ta’kidlashicha, Apple beshta eng yirik brend orasida eng kuchli pozitsiyaga ega bo‘lgan.
Ishlab chiqaruvchilar yil boshida ehtimoliy tariflar ta’siridan oldinroq harakat qilish maqsadida yetkazib berishni tezlashtirgan. Biroq 2025 yilga kelib ushbu omilning ta’siri pasaygan va yilning ikkinchi yarmida yetkazib berish hajmlari sezilarli darajada o‘zgarmagan.
Bozorda ikkinchi o‘rinni 19 foiz ulush bilan Samsung egalladi. Kompaniya yetkazib berishda kamtarona o‘sishni qayd etgan. Uchinchi o‘ringa esa 13 foiz ulush bilan Xiaomi joylashgan. Xiaomi’ning natijalari, asosan, rivojlanayotgan bozorlarda talabning barqaror saqlanishi bilan izohlanmoqda.
«Counterpoint» tadqiqot direktori Tarun Patxakning so‘zlariga ko‘ra, jahon smartfon bozori 2026 yilda ma’lum darajada sekinlashishi mumkin. Bunga chiplar tanqisligi, butlovchi qismlar narxining oshib borishi hamda chip ishlab chiqaruvchilarning sun’iy intellektga yo‘naltirilgan ma’lumot markazlarini mobil qurilmalardan ustun qo‘yayotgani sabab bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning oktabr oyi yakuniga ko‘ra Apple 24,2 foiz ulushga yetib, o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgani haqida xabar bergandik.





