add

Jamoat joylarida fuqarolarning shaxsini aniqlash tartibi belgilandi

02.12.2025 | 19:383221 daqiqa

Hukumat qaroriga ko‘ra, patrul-post xizmati xodimining fuqarolarga uni nega to‘xtatganligi va shaxsini aniqlash sabablari hamda asoslari bo‘yicha tushuntirish berish majburiyati bo‘ladi.

Jamoat joylarida fuqarolarning shaxsini aniqlash tartibi belgilandi

1-dekabrda 754-sonli Hukumat qarori bilan «Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Ushbu nizom ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarning shaxsini elektron texnik vositalar, shu jumladan, planshet orqali aniqlash tartibini belgilaydi.

Unga ko‘ra, xodimlar quyidagi hollarda fuqarolarni to‘xtatishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoki «Ye-patrul» tizimi orqali ularning shaxsini aniqlashi mumkin:

shaxs jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilish uchun asoslar mavjud bo‘lganda;

shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik haqida ma’lumotga ega deb hisoblash mumkin bo‘lganda;

qonunga muvofiq shaxsni ushlab turish uchun boshqa qonuniy asoslar mavjud bo‘lganda.

Shuningdek, xodim shaxsga uni to‘xtatganlik hamda undan shaxsini aniqlash talab etilayotgani sabablari va asoslarini tushuntirib berishi shart. Fuqarolarning shaxsiga doir ma’lumotlari planshet orqali «Ye-patrul» tizimiga to‘g‘ri kiritilishiga patrul-post xizmati xodimi mas’ul hisoblanadi.

Xodim «Ye-patrul» tizimidagi shaxsga doir ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etilmasligi hamda ushbu ma’lumotlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanilmaslik uchun javobgardir.

Teglar

Mavzuga oid