
Janubiy Koreya Toshkent-Andijon pulli yo‘lini qurishga yordam bermoqchi
03.06.2025 | 13:008163
Janubiy Koreya hukumati Toshkent-Andijon pulli avtomagistral qurilishiga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, harakatni boshqarishga oid zamonaviy texnologiyalarni O‘zbekistonda joriy etish masalasi muhokama qilindi.

Janubiy Koreya Toshkent-Andijon pulli yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishda O‘zbekistonga yordam berish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
ITS Asia Pacific Forum 2025 forumi doirasida transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdug‘aforov Koreyaning Yer, infratuzilma va transport vaziri Pak Sang Vu hamda Korea Expressway Corporation (KEC) prezidenti Xam Jing Yu bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda transport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Koreya tomoni O‘zbekistonda «aqlli» svetoforlar, sun’iy intellektga asoslangan harakatni boshqarish tizimlari, «aqlli» tolling va ITS sensorlarini joriy etishni taklif qildi. Shuningdek, mamlakatda yo‘l infratuzilmasini raqamlashtirish, monitoring va boshqaruv imkoniyatlarini oshirish yuzasidan hamkorlik taklif etildi.
Taraflar Toshkent-Andijon pulli avtomagistral qurilishi bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) doirasida KEC korporatsiyasining ishtirokini ta’minlash masalasini ham muhokama qildi. Mazkur loyihaning birinchi bosqichi — Toshkentdan Angrengacha bo‘lgan 171 km yo‘l va Qamchiq dovonini o‘z ichiga oladi.
Joriy yil boshida loyiha bo‘yicha tender e’lon qilingan bo‘lib, unga 30 dan ortiq xalqaro kompaniyalar, jumladan, Meridiam kabi yirik investorlar qiziqish bildirgan. Tanlov muddati avval 21 maygacha belgilangan bo‘lsa-da, keyinchalik yana bir oyga uzaytirildi.
Avvalroq O‘zbekiston Xitoy bilan yo‘l qurilishi standartlarini muvofiqlashtirish yuzasidan ham kelishuvga erishgan edi.





