add

Japarov G‘arbning Qirg‘iziston banklariga qo‘yilgan sanksiyasini «hasad» deb atadi

21.08.2025 | 20:4518913

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov AQSH va Britaniya joriy etgan sanksiyalarni mamlakat iqtisodiy yutuqlariga nisbatan «hasad» ifodasi sifatida baholadi. Unga ko‘ra, cheklovlar Qirg‘iziston moliya tizimi va savdo aloqalariga bosim o‘tkazishga qaratilgan.

Japarov G‘arbning Qirg‘iziston banklariga qo‘yilgan sanksiyasini «hasad» deb atadi
Qirg‘izistonning G‘arb bilan munosabatlarida yangi bosqich kuzatilmoqda. Prezident Sadir Japarovning ta’kidlashicha, mamlakat bank tizimiga qarshi sanksiyalar siyosiy kurashning bir qismi bo‘lib, ular mamlakat taraqqiyotini sustlashtirishga qaratilgan. Bu haqda «Kabar» axborot agentligi xabar qildi. Japarov «Keremet Bank» va «Kapital Bank»ka nisbatan AQSH va Britaniya tomonidan kiritilgan cheklovlarni asossiz deb atadi. U murojaatida Amerika prezidenti Donald Tramp va Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni iqtisodiy masalalarni siyosatdan ayro holda ko‘rib chiqishga chaqirdi. Davlat rahbari Qirg‘izistonda qayd etilgan yuqori o‘sish sur’atlarini misol sifatida keltirib, «bizda YAIM 11,7 foizga o‘sdi, MDH davlatlari orasida yetakchi o‘rindamiz», — dedi. Prezidentga ko‘ra, sanksiyalar aynan shu natijalar sababli joriy etilgan. Japarovning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari Bishkekning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzganligi bo‘yicha birorta ham faktni taqdim eta olmaydi. U «rubl bilan amalga oshiriladigan barcha operatsiyalar davlat nazoratida ekanini» qayd etdi. Prezident mamlakat aholisining iqtisodiy manfaatlarini ta’kidlab, «rossiyada 1 millionga yaqin muhojirimiz bor, ular har kuni bu yerga milliardlab rubl o‘tkazadi. Bu mablag‘larni konvertatsiya qilib, odamlarga yetkazish kerak» - dedi.

Teglar

Mavzuga oid