Logo

Japarov OTBning 500 mln dollarlik moliyalashtirish rejasini tasdiqladi

Kecha 14:182 daqiqa

Imtiyozli kreditlar Qirg‘izistonga 32 yilgacha berilishi mumkin. Kreditlar uchun 8 yillik imtiyozli davr belgilanadi.

Japarov OTBning 500 mln dollarlik moliyalashtirish rejasini tasdiqladi © iStock

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan imzolangan umumiy kelishuvni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda «Economist.kg» xabar berdi.

Ushbu kelishuv doirasida 2026–2027-yillarda mamlakatga 500 million dollargacha mablag‘ jalb qilish rejalashtirilgan.

Kelishuv 2026-yil 3-may kuni Samarqand shahrida imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra, 450 million dollargacha OTBning oddiy kapital resurslari hisobidan imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yana 50 million dollargacha mablag‘ bankning maxsus jamg‘armalari, jumladan Yashil iqlim jamg‘armasi va Yaponiya jamg‘armasi orqali berilishi mumkin.

Ajratiladigan mablag‘lar Qirg‘iziston iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish va 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy rivojlanish dasturidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Qirg‘iziston Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, imtiyozli kreditlar 32 yilgacha muddatga berilishi mumkin. Kreditlar uchun 8 yillik imtiyozli davr belgilanadi. Foiz stavkasi imtiyozli davrda yiliga 1 foiz, keyinchalik esa 1,5 foizni tashkil qiladi. Kredit mablag‘larining bir qismi OTBning maxsus jamg‘armalari hisobidan ajratiladigan grantlar bilan almashtirilishi yoki to‘ldirilishi mumkin.

Ushbu hujjat umumiy moliyalashtirish rejasini belgilaydi. Har bir loyiha bo‘yicha mablag‘ miqdori va shartlari OTB bilan alohida kelishuvlar orqali belgilanadi. Endi Qirg‘iziston Moliya vazirligi kelishuv kuchga kirishi uchun zarur ichki tartiblar yakunlangani haqida Osiyo taraqqiyot bankini rasman xabardor qiladi.

2026-yil 22-iyulda imzolangan 116-sonli qonun rasmiy e’lon qilinganidan 10 kun o‘tib kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston 2025-yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari ichida valuta bozori eng tez o‘sgan mamlakat bo‘lgandi.

Teglar

Mavzuga oid