
Jaziramada qon quyuqlashishi — insult va infarkt xavfini oshiradi
21.05.2025 | 13:2040513
Issiq ob-havo organizmda suvsizlanishga olib kelib, qon tarkibidagi muvozanatni buzishi mumkin. Bu holat qon quyuqlashishiga sabab bo‘lib, tromb hosil bo‘lishi orqali insult va infarkt kabi og‘ir kasalliklarga yo‘l ochishi mumkin.

O‘zbekistonda yoz fasli hali rasman boshlanmagan bo‘lsa-da, jazirama kunlar allaqachon boshlandi. Tabiiyki, bunday havo surunkali kasalliklari bor fuqarolar uchun xavfli bo‘lib, qon tarkibidagi o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Toshkent shahar tibbiy maslahat diagnostika markazi direktori Orifjon Aripovning ta’kidlashicha, qon organizmda kislorod va ozuqa moddalarini tashish bilan birga, ichki a’zolar faoliyatida ishtirok etadi. Qonning quyuqlashishi esa bu jarayonlarga to‘siq bo‘ladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, qonning quyuqlashishi turli sabablarga, jumladan, kam suyuqlik ichish, issiq havo, qandli diabet, stress va nosog‘lom ovqatlanishga bog‘liq. Bu holat tomirlarda qon aylanishiga to‘siq bo‘lib, tromboz, insult va infarktga olib kelishi mumkin.
Qon quyuqlashganida insonda bosh og‘rig‘i, holsizlik, tez charchash, og‘iz qurishi, xotira susayishi, jizzakilik va hatto hushdan ketish kuzatilishi mumkin. Ayrim holatlarda tananing turli qismlarida ko‘karishlar ham kuzatiladi.
Mutasaddilar issiq kunlarda yetarli miqdorda toza suv ichish, gazli ichimliklardan voz kechish, holat yomonlashsa tibbiy tekshiruvdan o‘tishni tavsiya qilmoqda. Shuningdek, qonni suyultiruvchi dori vositalarini shifokor tavsiyasisiz qabul qilish mumkin emas. Aks holda bu ortiqcha qon ketish xavfiga olib keladi.





