
Jennifer Lopes konserti qaysi mablag‘lar hisobiga tashkil etilmoqda?
17.06.2025 | 10:4045603
Madaniyat jamg‘armasi taniqli amerikalik xonanda Jennifer Lopesning 7 avgustda o‘tkazilishi kutilayotgan Toshkentdagi konserti qaysi mablag‘lar hisobiga tashkil etilayotgani ma’lum qildi.

16 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Turizm qo‘mitasi vakillari amerikalik xonandasi Jennifer Lopesning O‘zbekistondagi konserti haqida rasmiy ma’lumot berdi.
Jamg‘arma raisi birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimovga ko‘ra, Toshkentdagi konsert «Up All Night — Live in 2025» turnesi doirasida o‘tkaziladi. 7 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan tadbirga davlat byudjeti mablag‘lari jalb etilmagan — barcha xarajatlar xususiy tadbirkorlar tomonidan qoplanmoqda.
Ta’kidlanishicha, konsertni tashkil etishda Madaniyat jamg‘armasi va qator hamkor tashkilotlar ishtirok etmoqda. Bunda kreativ turizmni rivojlantirish va O‘zbekistonni xalqaro san’at maydoniga chiqarish maqsad qilingan.
Tadbir «Bunyodkor» stadionida o‘tkaziladi. Jamg‘arma vakillarining aytishicha, stadionning holati tekshiruvdan o‘tkazilgan, gazon tayyor holatda va konsert o‘tkazish uchun barcha texnik talablarga javob beradi.
«Jennifer Lopezning O‘zbekistonga tashrif buyurishi bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlatdan bir tiyin ham mablag‘ olinmasdan amalga oshirilyapti. Toshkentdagi tadbirlar tashkillashtiradigan hamkor firmalar bilan birgalikda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tadbir tashkillashtirilmoqda. Lopezning Toshkentga kelib-ketishi, gonorari, barcha xarajatlari tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi», — deya ta’kidladi jamg‘arma vakili.
Bu konsert nafaqat madaniy hayotdagi muhim voqelik, balki xususiy sektorning yirik tadbirlarni tashkil etishdagi roli ortib borayotganini ham ko‘rsatadi.





