Kafil bo‘lishdan avval nimalarni bilish kerak?
Ko‘pchilik kafil bo‘lish haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasdan, unga ancha yengil qaraydi. Biroq kafillik ancha muhim qaror bo‘lib, uning oqibatlari jiddiy bo‘lishi mumkin. Vaqt.uz kafillik jarayonida qanday qilib qarzdorni tekshirish va nimalarga e’tibor berish haqida so‘z yuritadi.
© ShutterstockHamkasb do‘stingiz, qarindoshingiz yoki tanishingiz o‘zi olayotgan kredit kartasi, mikroqarz, overdraft yoki iste’mol krediti uchun sizdan kafil bo‘lishni so‘raganmi? Vaqt.uz kafil bo‘lishning oqibatlari va bu qarorga kelishdan oldin nimalarga e’tibor berish haqida ma’lumot beradi.
Kafillik — kredit ta’minotining bir turi bo‘lib, unda qarzdor kreditni to‘liq yoki qisman to‘lamaganda, kafil kreditni to‘lab berishni o‘z bo‘yniga oladi.
Bankning ichki tartibidan kelib chiqqan holda, kredit ta’minoti uchun kafillikni qabul qilishga limit o‘rnatilishi mumkin. Masalan, 100 mln so‘mdan yuqori kreditlarga kafillikdan boshqa ta’minot turlari talab etilishi mumkin.
Kafilning majburiyatlari qanday?
Kafillik shartnomasiga imzo chekilgach, kafil bilan qarz oluvchi bir qatorda kredit to‘lash uchun javobgar bo‘ladi.
Bunda qarz oluvchi ma’lum bir sabablarga ko‘ra kreditni to‘lamaganda kreditni to‘lab berish majburiyati uning o‘rniga kafilga yuklatiladi.
Bank kredit shartlari buzilganda muddati o‘tgan qarzdorlikni to‘liq undirish uchun ishni sudga oshirish huquqiga ega. Bunda qarzdor bilan birgalikda kafil ham barobar javobgar bo‘ladi, hattoki, sud bo‘yicha davlat boji harajatlariga ham.
Kafillikka rozi bo‘lishdan oldin, (moliyaviy savodxon inson sifatida) quyidagilarni bilib olish, foydadan holi bo‘lmaydi:
kredit summasi va foizi;
kredit muddati;
kredit turi va maqsadi;
kredit to‘lov grafigi bo‘yicha oylik to‘lov summasi;
kredit ta’minotiga boshqa garov mulklari qo‘yilgan yoki qo‘yilmaganligi;
qarz oluvchining boshqa kreditlari bor yoki yo‘qligi;
qarz oluvchining oylik daromadlari;
qarz oluvchining shaxsiy xarakteriga: punktualligi, tartibliligi, hisobliligi.
Bundan tashqari, Kredit axborot va tahliliy markazining KATM ilovasida «Ishonchli kafil» va «Kimga kafilman» xizmatlari ham ishga tushirilgan.
«Ishonchli kafil» — foydalanuvchi kafil bo‘lishidan avval qarz oluvchi shaxsning kredit tarixi ma’lumotlari ya’ni, uning majburiyatlari va ularning bajarilishi holati hamda skoring bali bilan tanishish imkoniyatini beradi.
Bu orqali kafil qarz oluvchining qanchalik intizomli ekanini tekshirib ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Xizmat narxi ayni paytda 8 240 so‘mni tashkil qiladi.
«Kimga kafilman» xizmati esa foydalanuvchiga ayni paytda kimlar uchun kafil ekanini tekshirish imkoniyatini beradi.
Kafillikka qanday hujjatlar topshiriladi?
Kafil — jismoniy shaxs:
pasportingiz nusxasi;
ish joyingizdan oylik daromadingiz to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
Kafil — yuridik shaxs:
tashkilotning so‘nggi hisobot yili uchun yillik moliyaviy hisoboti (Forma 1, 2);
hisobvaraq aylanmasidan ko‘chirma;
tashkilot kafilligini taqdim etishga tashkilot rahbarining roziligi.
Kafil kreditni to‘lasa, uni qanday qaytarib oladi?
Kafil bo‘lib to‘langan pulni sud orqali qaytarib olish mumkinligini ko‘pchilik bilmaydi.
Agar kafil kredit uchun pul to‘lab bersa, bu pul «yo‘qoldi» degani emas, aksincha qonun unga o‘sha mablag‘ni qarzdordan qaytarib olish huquqini beradi.
Jumladan, Fuqarolik kodeksining 295-moddasiga ko‘ra, kafil o‘z hisobidan to‘lagan pullarini, ko‘rilgan zararlarni va hatto sud xarajatlarini ham qarzdordan undirish huquqiga ega.
Shu kodeksning 295-moddasiga ko‘ra, kafil o‘z hisobidan to‘lagan pullarini, ko‘rilgan zararlarni va hatto sud xarajatlarini ham qarzdordan undirishi mumkin. Ya’ni, kafil bankka kreditni to‘laganidan keyin qarzdorga nisbatan qonuniy talab qo‘yish huquqini oladi.
Bu amalda kafil uchun to‘lagan summani tasdiqlovchi hujjatlar bilan sudga murojaat qilib, uni qarzdordan qaytarib olish mumkinligini anglatadi.
Shu bilan birga, sud orqali nafaqat asosiy qarzni, balki qo‘shimcha sarf-xarajatlarni ham undirish imkoniyati mavjud.
Maqolani tayyorlashda finlit.uz ma’lumotlaridan foydalanildi.





