add

Kambodja va Tailand Tramp huzurida tinchlik kelishuvini imzoladi

Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan ASEAN sammitida Kambodja va Tailand chegara mojarosini tugatish bo‘yicha deklaratsiya imzoladi. Marosimda AQSH prezidenti Donald Tramp vositachi sifatida ishtirok etdi.

Kambodja va Tailand Tramp huzurida tinchlik kelishuvini imzoladi

Kambodja va Tailand chegara bo‘ylab bir necha oydan beri davom etib kelayotgan mojaroni tugatish bo‘yicha rasmiy kelishuvga erishdi. Tinchlik deklaratsiyasi Kuala-Lumpurdagi ASEAN sammiti doirasida imzolandi. AQSH prezidenti Donald Tramp jarayonda vositachi sifatida faol ishtirok qildi.

Kelishuvga ko‘ra, tomonlar barcha harbiy harakatlarni to‘xtatadi va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini tiklaydi. Tailand 18 nafar kambodjalik harbiy asirni ozod qiladi, Kambodja esa og‘ir artilleriyani chegaradan olib chiqishni boshlaydi. Otashkesimga rioya etilishini nazorat qilish vazifasi malayziyalik kuzatuvchilar zimmasiga yuklandi.

Marosimda so‘zga chiqqan Donald Tramp o‘zini «urushlarni to‘xtatishni yaxshi ko‘radigan inson» sifatida ta’rifladi.

«Bu hobbi emas, lekin men bu ishda katta mahoratga egaman», — dedi u jurnalistlar savoliga javoban. Prezident ushbu kelishuvni o‘zi «faxr bilan vositachilik qilgan buyuk tinchlik bitimi», deb atadi.

Muzokaralar davomida AQSH ham ikki davlat bilan muhim iqtisodiy kelishuvlarga erishdi. Kambodja bilan katta savdo bitimi imzolangan bo‘lsa, Tailand bilan «strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar yetkazib berish bo‘yicha kelishuv» tuzildi. Shuningdek, Vashington Malayziya bilan ham muhim xomashyo va mineral mahsulotlar bo‘yicha shartnoma imzoladi. Endi ushbu uch davlat uchun bojxona to‘lovlari 49 foizdan 19 foizga tushiriladi.

Donald Tramp Malayziyaga olti kunlik Osiyo turnesi doirasida yetib kelgan. Kuala-Lumpur aeroportida uni milliy libosdagi raqqosalar an’anaviy raqs bilan kutib oldi. Tashrif doirasida u Yaponiya va Janubiy Koreyaga ham safar qiladi.

Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegara mojarosi joriy yilning iyul oyida boshlangan edi — ikki tailandlik askar mina portlashi oqibatida halok bo‘lganidan so‘ng ikki davlat chegarasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid