Logo

Kannavaro: «Futbolchilarimdan g‘ururlanaman»

Bugun 12:102 daqiqa

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kolumbiyaga qarshi tarixiy o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Kannavaro: «Futbolchilarimdan g‘ururlanaman» © ufa

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro JCH-2026 guruh bosqichining ilk turida Kolumbiyaga uchraldan 1:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng futbolchilarini qo‘llab-quvvatladi va ular bilan faxrlanishini ta’kidladi.

«Futbolchilarimdan g‘ururlanaman. Ular yaxshi o‘ynashdi. Bugun qiyin o‘yin bo‘ldi. Bunday stadionda, muxlislar qarshisida o‘ynash oson emas. Lekin bu sizga ko‘proq motivatsiya berishi ham mumkin», — dedi Kannavaro.

Murabbiyga ko‘ra, jamoa ikkinchi bo‘limda o‘yin ritmini o‘zgartira olgan va tashabbusni qo‘lga olishga harakat qilgan.

«Avvalambor, biz O‘zbekistonni butun dunyoga ijobiy namoyish etish uchun bu yerga keldik. Men doim jamoamga o‘yin davomida faol harakat qilish kerakligini aytib kelaman. Kolumbiya singari jamoalarga qarshi o‘ynash, to‘psiz harakat qilish osonmas. Umuman olganda, ikkinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik, biroq, afsuski, gol o‘tkazib yubordik», — deydi u.

Italiyalik mutaxassis uchrashuv O‘zbekiston futboli tarixida alohida o‘rin tutishini qayd etdi.

«Biz bu stadionda o‘tgan ushbu o‘yinni eslab qolamiz. Chunki bu tarixiy o‘yin. Biz Jahon chempionatidamiz. Bugungi o‘yin biz uchun yaxshi bo‘ldi, deb ayta olaman. Xatolar bo‘ldi, ular ustida ishlaymiz», — dedi u.

Murabbiy Portugaliyaga qarshi navbatdagi bahs oldidan futbolchilarni dadilroq harakat qilishga chaqirdi.

«Agar o‘ynashga jur’at topa olmasak, o‘yin uchun yetarlicha bo‘shliqlar ochmasak, bizga qiyin bo‘ladi. Ikkinchi bo‘lim ancha yaxshi o‘tdi va Portugaliyaga qarshi ko‘proq iroda va jasorat ko‘rsatamiz, deb umid qilaman. Aks holda, 90 daqiqani o‘z maydon yarmingizda o‘tkazish juda qiyin», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JCH-2026dagi ilk uchrashuvida Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Terma jamoaning Jahon chempionatlari tarixidagi ilk goliga Abbosbek Fayzullayev mualliflik qildi. O‘zbekiston navbatdagi o‘yinini 23-iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.

Teglar

Mavzuga oid