
Kapital bozorida konsentratsiya oshdi
Markaziy depozitariy 2025 yil reytinglarini e’lon qildi. Korporativ obligatsiyalarning 86 foizi Top-10 qo‘lida, bozorda konsentratsiya yanada kuchaymoqda.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, «Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi» kapital bozoridagi yirik ishtirokchilar bo‘yicha yangilangan reyting va infografik ma’lumotlarni taqdim etdi. Unda investitsiya vositachilarining obligatsiya va aksiya portfellari, shuningdek eng yirik emitentlar tarkibi ko‘rsatilgan.
Bu raqamlar pul oqimi qayerda to‘planayotgani, likvidlik qaysi institutlar atrofida shakllanayotgani va bozor dinamikasi kimlar ta’sirida o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Depozitariy ma’lumotiga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatlarining jami emissiya hajmi (nominal qiymat bo‘yicha) 265,14 trln so‘mga yetgan. Bu kapitalning katta qismi iqtisodiyotning tayanch kompaniyalari atrofida jamlanayotganini va bozor institutsionallashuvi kuchayayotganini anglatadi.
Obligatsiyalarda konsentratsiya kuchaydi
Korporativ obligatsiyalar segmentida yetakchilar deyarli teng ko‘rsatkichlarga ega: «Alkes Research» 852,2 mlrd so‘m va «Freedom Finance» 850,4 mlrd so‘mlik portfel bilan bozor peshqadami bo‘lib turibdi. Keyingi o‘rinlarda «Tat Reestr» (646,7 mlrd so‘m), «Leader Finance Capital» (263,1 mlrd so‘m) va «HBCapital"» (222,3 mlrd so‘m) kelmoqda.
Eng muhim jihat shundaki, korporativ obligatsiyalar portfelining 86 foizi atigi o‘nta investitsiya vositachisi tomonidan boshqarilmoqda. Bu bozorda professional infratuzilma shakllanganini ko‘rsatsa-da, savdo faolligi tor ishtirokchilar doirasi atrofida aylanayotganini ham anglatadi.
Bunday sharoitda investor uchun vositachi tanlovi strategik qarorga aylanadi. Chunki katta portfel faqat hajm emas, balki axborot, tahlil va bitimlar oqimiga yaqinlikni ham anglatadi.
Aksiya bozori va emitentlar
Aksiyalar segmentida «Dalal Standard» MCHJ 7 861,4 mlrd so‘m va «Kapital Depozit» MCHJ 7 518,3 mlrd so‘m portfel bilan yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, «Leader Finance Capital» va «Portfolio Investments» ham yirik portfel hajmlari orqali bozordagi o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
Umuman olganda, investitsiya vositachilari 80 ta emitentning 40,8 trln so‘mlik aksiya chiqarilishiga xizmat ko‘rsatadi. Shuning 33,5 trln so‘mlik qismi Top-10 ishtirokchilar hissasiga to‘g‘ri keladi, bu esa kapital bozorida institutsional jamlanish yuqori darajaga chiqqanini ko‘rsatadi.
Emitentlar orasida «O‘zbekiston milliy investitsiya jamg‘armasi» AJ (27,89 trln so‘m), «O‘zbekneftgaz» AJ (22,48 trln so‘m) va «O‘zmilliybank» AJ (17,77 trln so‘m) peshqadam hisoblanadi. Keyingi yirik kompaniyalar ham ikki xonali trillion ko‘rsatkichlar bilan bozor kapitalizatsiyasining asosiy qismini shakllantirmoqda.
Kapital bozorida pul tobora yirik institutlar atrofida jamlanyapti, bu konsentratsiya bozor raqobatini kuchaytiradimi yoki yangi ishtirokchilar uchun kirishni qiyinlashtiradimi?




