
Kimga kafil ekanini onlayn bilish imkoni yaratildi
Kredit-axborot tahliliy markazi foydalanuvchilarga kimga kafil ekanini bilish va kafil sifatida kredit oluvchining kredit tarixini tekshirish imkoniyatini yaratdi.

Kredit-axborot tahliliy markazi «KATM» mobil ilovasi orqali aholi uchun bir qator yangi xizmatlarni taqdim qildi.
«Ishonchli kafil» xizmati orqali xizmatdan foydalanuvchi kafil bo‘lishidan avval qarz oluvchi shaxsning kredit tarixi ma’lumotlari, ya’ni uning majburiyatlari va ularning bajarilishi holati hamda skoring bali bilan tanishishi mumkin bo‘ladi.
Bu kafil uchun qarz oluvchining ishonchli ekanini tekshirish va qaror qabul qilishga yordam beradi.
Bundan tashqari, «Kimga kafilman» xizmati orqali foydalanuvchi hozirda qaysi shaxslar bo‘yicha kafil ekanini ko‘rishi, mavjud kafillik majburiyatlarini nazorat qilishi hamda moliyaviy risklarni baholashi mumkin.
Shuningdek, «Muddati o‘tgan to‘lovlar» xizmati orqali asosiy qarzdorlik bo‘yicha kechiktirib (90 kundan oshgan) to‘langan to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning kredit tarixidan chiqishini (o‘chib ketishini) kuzatib borish imkoniyati taqdim qilinmoqda.
«KATM» ilovasi orqali kredit tarixini olish, «Kreditga taqiq» va Freeze xizmatlaridan foydalanish mumkin.
Kredit tarixini qanday olsa bo‘ladi?
Kredit tarixini har kim kredit olmagan bo‘lsa ham tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega. Xizmatdan bir yilda bir marotaba bepul foydalanish mumkin.
Qarz oluvchilar 0 dan 500 gacha bo‘lgan oraliqdagi skoring ball orqali baholanadi va ushbu oraliq 5 guruhga bo‘linadi:
A — a’lo (400–500 ball);
B — yaxshi (300–400 ball);
C — o‘rtacha (200–300 ball);
D — qoniqarli (100–200 ball);
E — yomon (0–100 ball).
Kredit tarixini 4 xil yo‘l bilan bilib olish imkoniyati bor:
Kredit byurosi veb-saytining — https://portal.infokredit.uz/login shaxsiy kabinet bo‘limi orqali.
Call-markaz: (+998) 712034747, Telegram: @katm_uz;Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali «Kredit tarixi» to‘g‘risida ma’lumotnoma berish sahifasida;
O‘zbekistonda joylashgan barcha «Yagona darcha» Davlat xizmatlari markazlari orqali.
Xizmatdan bir yilda bir marta bepul foydalanish imkoniyati bo‘lsa-da, KATM ilovasida skoring ballini har kuni bepul kuzatib borish mumkin.
My.gov.uz orqali kredit tarixi yilga bir martalik me’yordan ko‘p olinganda 14 834 so‘m, Kredit byurosi orqali olinganda esa 16 480 so‘m to‘lanadi.
«Freeze» xizmati orqali kredit tarixi olinishini muzlatib qo‘yish mumkin. Bu esa kredit tashkilotlariga kredit berish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi. Ko‘pchilik firibgarlikdan qochish maqsadida ushbu xizmatdan foydalanadi.
«Kreditga taqiq» xizmati ham firibgarlikni oldini olish uchun ishlatiladi. Bu orqali aholi ularning ishtirokisiz yoki xabariciz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.





