add

Kiyevda «qul» qilingan o‘zbekistonliklar uchun Ukrainaga nota yuborildi

19.09.2025 | 23:1030075

Mazkur xolat yuzasidan jinoiy ish ochilib, gumonlanuvchilar ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Kiyevda «qul» qilingan o‘zbekistonliklar uchun Ukrainaga nota yuborildi
Kiyev oblastidagi issiqxonalardan birida 13 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi og‘ir sharoitda majburiy mehnatga jalb etilgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi holat yuzasidan ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida elchixona vakillari voqea joyiga tashrif buyurgan. «Ayni paytda barcha fuqarolarimizning sog‘-salomatligi aniqlanib, ularni tegishli tibbiy muolaja qilish uchun Kiyev viloyatidagi mahalliy shifoxonalardan biriga joylashtirilgan. Elchixona tomonidan fuqarolarimiz bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha barcha kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», - deyiladi xabarda. Shu jumladan, o‘zbekistonliklarga tegishli konsullik va huquqiy yordamni amalga oshirish maqsadida Ukraina TIV va Bosh prokurori ofisiga tegishli notalar yuborilgan. Mazkur xolat yuzasidan jinoiy ish ochilib, gumonlanuvchilar ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. «Elchixona fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish hamda qonuniy huquqlarini tiklash borasida barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishda davom etmoqda. O‘z navbatida, Ukrainada inson xayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlar kuzatilayotgani bois O‘zbekiston fuqarolaridan o‘z xavfsizligini inobatga olgan holda mazkur mamlakatga ayni vaqtda tashriflarni rejalashtirmasliklarini tavsiya qilamiz», - deyiladi xabarda. Ma’lumot uchun, mazkur ish doirasida Xitoy Xalq Respublikasining ikki nafar fuqarosi, bir nafar o‘zbekistonlik va bir nafar ukrainalik ayol qo‘lga olingan. Qurbonlar chetdan Kiyev oblastiga olib kelingan va foyda topish maqsadida qul sifatida ishlatilgan. Jinoyatchilar qurbonlarni nazorat qilish uchun ularning erkin harakatlanishini cheklagan, doimiy majburlash va tahdidlar orqali ularni ekspluatatsiya qilgan. Hatto hojatxonaga borish ham belgilangan jadval asosida amalga oshirilgan, eng kichik qoidabuzarlik uchun esa jazolar qo‘llanilgan. Jinoiy guruh 2 yoshdan 42 yoshgacha bo‘lgan 13 nafar O‘zbekiston fuqarosini topib, ularga yuqori ish haqi va’da qilishgan. Ukrainaga kelganlaridan so‘ng, ularning pasportlari tortib olingan va Kiyev oblastidagi ikki qishloq xo‘jaligi korxonasida majburiy mehnatga jalb qilinib, noqonuniy ushlab turilgan. Xabarda ta’kidlanishicha, jabrlanuvchilarning mehnat va yashash sharoitlari «nihoyatda tahqirlovchi» bo‘lib, ularning harakatlanishi qattiq nazorat ostida cheklangan.

Teglar

Mavzuga oid