
Ko‘kdaladagi portlash oqibatida 10-sinf qiz vafot etgani ma’lum bo‘ldi
06.08.2025 | 20:4026253
Qashqadaryodagi gaz shoxobchasida sodir bo‘lgan mudhish portlash to‘g‘risida berilgan rasmiy bayonot va voqea joyidan olingan ma’lumotlar bir-biridan farq qilmoqda.
Xabaringiz bor, joriy yilning 16 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi gaz shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash va kelib chiqqan yong‘in oqibatida dastlab to‘rt kishi halok bo‘lgan, 15 kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Biroq, «Daryo» nashrining ma’lum qilishicha, voqea joyida jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan 10-sinf o‘quvchisi – Dilnoza ismli qiz 20 iyul holatigacha komada bo‘lgan va keyinchalik vafot etgan. Bu bilan fojea qurbonlari soni 6 nafarga yetgan. Shu bilan birga, rasmiylar bu o‘limni beshinchi deb qayd etmoqda, bu esa ma’lumotlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni yaqqol ko‘rsatmoqda.
Jurnalistik surishtiruvda ma’lum bo‘lishicha, portlash sodir bo‘lgan paytdayoq qurbonlar soni besh nafarni tashkil etgani haqida mahalliy aholi guvohlik bergan. Ular rasmiylar tomonidan e’lon qilingan to‘rt nafar halok bo‘lgan degan bayonotni «yolg‘on» deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Rasmiylar tomonidan halok bo‘lganlar oilasiga 100 million so‘mdan, jarohatlanganlarga esa 50 million so‘mdan moddiy yordam ajratilgani ma’lum qilingan.





