add

Konor MakGregor Irlandiya prezidenti bo‘lish niyatida

05.09.2025 | 08:4049963

UFC yulduzi Konor MakGregor Irlandiya prezidenti saylovlarida ishtirok etish niyatini ma’lum qildi. Saylov 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Konor MakGregor Irlandiya prezidenti bo‘lish niyatida
UFC’ning taniqli jangchisi, ikki vazn toifasida sobiq chempion Konor MakGregor 2025 yil 24 oktyabr kuni o‘tadigan Irlandiya prezidenti saylovlarida ishtirok etish niyati borligini ma’lum qildi. Bu haqda u shaxsan Instagram sahifasida bayonot berdi. «Irlandiya fuqarolari, haqiqiy o‘zgarishlar vaqti keldi! Prezident sifatida men hech qanday qonun loyihasini xalq muhokamasisiz imzolamayman», — deb yozdi MakGregor o‘z murojaatida. 36 yoshli Konor MakGregor UFC tarixida bir paytning o‘zida ikki vazn toifasida chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan ilk jangchi hisoblanadi. U yarimengil va yengil vaznda chempion bo‘lgan. MakGregor jang maydonidan tashqarida ham ommaviy madaniyatda faol ishtirok etmoqda. 2024 yili u Hollivud yulduzi Jeyk Jillenhol bilan birga «Yo‘l yoqasidagi uy» (Road House) filmida bosh rollardan birini ijro etdi. Bu uning kino sohasidagi ilk yirik loyihasi bo‘ldi. MakGregorning siyosiy sahnaga qadam qo‘yishi irlandiyaliklar va xalqaro jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Uning saylovlarda rasmiy nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tishi, kampaniya platformasi va siyosiy dasturi bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar hali e’lon qilinmagan.

Teglar

Mavzuga oid