Koreya orzusi ortidagi firibgarlik: 90 ming dollar pora olgan sobiq amaldor qo‘lga olindi
Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dalari ortida yana yirik firibgarlik holatlari aniqlandi. Birgina Farg‘ona viloyatining o‘zida o‘nlab ming dollarlik firibgarlik sxemalari fosh etildi.
© freepik.comBosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududlarda fuqarolarni Janubiy Koreyaga ish va o‘qishga yuborish bilan bog‘liq bir qator firibgarlik holatlarini fosh qildi.
Eng yirik holatlardan biri Farg‘ona viloyatida qayd etildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Migratsiya agentligining Farg‘ona viloyati filiali sobiq rahbari B.X. 8 nafar fuqaroni imtihondan o‘tkazib, Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan hamda ulardan jami 90 ming dollar olgan.
Farg‘ona tumanida esa A.K. ismli shaxs migratsiya tizimidagi tanishlari orqali Koreyaga yuborishni va’da qilib, fuqarodan 10 ming dollar olgan. Keyinchalik mablag‘ning 3 ming dollari qaytarilgan.
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida ikki nafar shaxs 22 nafar fuqaroga Koreyadan ish topib berishni va’da qilib, jami 34,2 ming dollar hamda 79,3 mln so‘mni qo‘lga kiritgan.
Shu kabi holatlar Jizzax, Sirdaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida ham aniqlangan.
Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro I.A. (muqaddam sudlangan) 6 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, 32 250 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan. Yana bir holatda esa fuqaro R.A. fuqaro O.B.ning ishonchiga kirib, uni Koreya davlatiga yuborishi uchun 7 000 AQSH dollarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 100 AQSH dollari va 3,8 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan. Viloyatning Forish tumanida N.E.ni Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, 4 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida esa fuqaro X.X. 6 nafar fuqaroni Koreya davlatga ishga yuborishi uchun 19 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, fuqaro J.M.dan olgan 6 000 AQSH dollari hisobidan 700 ming so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Z.M. fuqaro A.G‘.ni Koreya davlatiga ishga yuborishi uchun 12 500 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida muqaddam sudlangan fuqaro B.I. go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro L.N.ni Koreya davlatiga o‘qishga va ishga yuborishini aytib, 5 600 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq migratsiya va bandlik tizimida faoliyat yuritgan shaxslardan iborat uyushgan guruh fosh etilgani, 800 dan ortiq jabrlanuvchining murojaati o‘rganilayotgani xabar qilingan edi.
Shu bilan birga, Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirov ham Interpolning «qizil bildirishnoma»si orqali xalqaro qidiruvga berilgan. U firibgarlikda ayblanmoqda.





